Bred Pitt “Formula 1” filmiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ikki yil davomida poyga mashinalarida taxminan 9,5 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi. Bu haqda aktyor Variety nashrida maʼlum qildi.

“Natijada biz taxminan ikki yil davomida rulda bo‘ldik. Menga aytishlaricha, bu mashinalarda jami 9,5 ming kilometr yo‘l bosib o‘tganmiz”, deya taʼkidladi Pitt Nyu Yorkdagi film premyerasida. Aktyor bunday natija bilan faxrlanishini aytdi.
Filmda Pitt 1990-yillarda jiddiy falokatdan so‘ng sportni tark etgan “Formula 1” yulduzi Sonni Xeys rolini ijro etadi. Yillar o‘tib, Apex Grand Prix poyga jamoasi egasi unga murojaat qilib, Demson Idris gavdalantirgan isteʼdodli yosh haydovchi Joshua Pirsga ikkinchi pilot va murabbiy sifatida yordam berishni so‘raydi.
Sport dramasidagi aktyorlarni “Formula 1”ning haqiqiy poygachilari, jumladan, Lyuis Xemilton tayyorlagan. Poyganing yetti karra jahon chempioni film prodyuseri sifatida ham faoliyat yuritgan.
Bundan oldin Tom Kruz “Vampir bilan suhbat” filmini suratga olish paytida Bred Pitt bilan “tun bo‘yi mashina haydaganlarini” aytib o‘tgan edi. “Uddalab bo‘lmas topshiriq” filmi yulduzi Pittni “juda mohir haydovchi” deb taʼrifladi.
Izoh (0)