Professional boshlovchi, kino va seriallardagi rollari bilan tanilgan, “Zirapcha” teleshousida loyiha direktori bo‘lgan Rayhon Ulasenova 16-iyunda 43 yoshni qarshiladi. Ziyolilar oilasida tavallud topgan aktrisaning shodon bolaligi, hayot yo‘li va ijodiy faoliyatiga nazar solamiz.
“Dadam kiyim shkafimni yoqib yuborgan”
Kichkina Rayhon bolaligida shu qadar qaysar bo‘lganki, qattiq xarxashasi tufayli otasi barcha kiyimlarini yoqib yuborganini eslaydi.

— Men dunyoga kelmasimdan avval otamni Namanganga yo‘llanma asosida ishga jo‘natishgan ekan. Ukam ikkimiz Namanganda tug‘ildik, bolaligimizning eng shirin damlari o‘sha yerda o‘tdi. Otam yaxshi lavozimda ishlashiga qaramay, bizni san’atga yo‘naltirish uchun besh yildan so‘ng Toshkentga qaytib keldi. Jahongir ikkimiz “Bulbulcha” bolalar musiqa va raqs dastasiga qatnay boshladik. Ilk gastrol safarim 6 yoshimda Omsk shahriga bo‘lgan. Men bir qancha bolalar bilan xalqaro tanlovda ishtirok etganman.
1987-yil 16-iyunda 5 yoshga to‘lganim munosabati bilan menga o‘zim xohlagan kiyimimni olib berishgan. Nima tanladi deb o‘ylaysiz? Shu issiqda bolalar do‘konidan qalin kapyushonli palto topib, o‘shani oldirdim. Ertasiga bog‘chaga borishim kerak, onamga paltoda ketaman deb xarxasha qildim. Onam uchun bu odatiy hol edi, chunki men har kuni shkaf oldiga turib olib, soatlab kiyim tanlab, o‘zim tanlagan kiyimimni kiyib ketar edim. Har doimgidek onam muloyimlik bilan “Qizim, hozir issiq, palto kiymay qo‘yaqol” dedilar. Men esa battar yer tepib, yo‘q, shuni kiyaman, deb injiqlik qildim. Oxiri dadam chidamasdan xonaga kirib, shkafni kiyim-piyimi bilan yoqib yubordilar... Men baribir aytganimni qilib paltoda ketdim, chunki kiyishga boshqa kiyim yo‘q edi-da, deya kulib xotirlaydi aktrisa bolaligini.
“Onam sovchilar aynib ketishidan qo‘rqqan”
Rayhon professional raqqosa bo‘lish uchun bir necha yil tahsil olgan. Ammo u bugun san’atning butunlay boshqa turida faoliyat yuritadi.

— Besh yoshimdan to maktabni tamomlagunga qadar raqs bilan jiddiy shug‘ullanganman. Maktabni bitirgach, Xoreografiya oliygohida o‘qish niyatim bor edi. 11-sinfni bitirishim arafasida uyimizga sovchilar kela boshladi. Qo‘shnilardan biri meni raqqosa deb ta’riflagan ekan, ular aynib ketishibdi. Ana shu voqeadan keyin onam bu sohani egallashimga qarshi bo‘ldi. Xoreografiyadan tashqari, istalgan institutga kirishing mumkin, deyishganidan so‘ng raqs maktabidan uncha uzoq bo‘lmagan Mannon Uyg‘ur nomidagi san’at oliygohiga (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga) hujjat topshirganman. Raqsga bo‘lgan mehrimni aktrisalik egalladi, deydi Rayhon.
“Universitet rahbarlari ham kiyinish uslubimni o‘zgartirolmagan”
Aktrisa bir necha yil davomida san’at oliygohida talabalarga tahsil bergan. U institutda ishlagan yillarini, hech kim uni o‘z fikridan qaytarolmaganini xotirlaydi.

— Yillar o‘tib, bir kuni institutga kirib kelayotsam, eshik tagida prorektor va rektor meni kutib oldi. Men tabiiyki, ular bilan salomlashdim va prorektor: “Rayhon, nega oq ko‘ylak va qora yubkada emassiz?” deya so‘z boshladi. “Chunki men talaba emas, o‘qituvchiman”, dedim. Prorektor endi domlalar ham formada kelishi tartibga kiritilganini aytdi. Men “Hurmatli prorektor, men talabalar bilan auditoriyada tengma-teng ishlayman. Menga sahnada yubka noqulaylik yaratadi, ruxsatingiz bilan shimda kelsam bo‘ladimi?” dedim. U esa hamma forma kiyishini aytdi. “Mayli, agar institutimiz ustavida shu narsa ko‘rsatilgan bo‘lsa, men roziman. Chunki men qonunni hurmat qilaman. Ko‘rsating hujjatni”...
Shu payt suhbatimizga rektorimiz qo‘shilib, menga darsga borishimga ruxsat berdi. Birozdan so‘ng rektorimiz ortimdan chaqirdi: “To‘xta, kichkinaligingda otang bilan dars berishga kelib, oyog‘imiz tagida o‘ralashib yurarding. Katta bo‘lib, forma kiymayman deyishingni qara” dedi. “Ustoz, men maktabdayam forma kiymaganman, institutda ham, endi domla bo‘lganimda kiymay. Meni bolaligimdan taniysiz, otam rahmatlini ham yaxshi bilgansiz. Hattoki dadam yozning issig‘ida ustimdagi paltoni yechib ololmagan. Kiygim kelgani uchun yozning issig‘ida bog‘chaga kapyushonli palto kiyib borgan qizman” desam kulib yubordi. “Otangga o‘xshab otdan tushsang ham egardan tushmaysan-a? Mayli, boraver, qaysar!” degandi, deya esladi aktrisa.
“Aldangan ayol”dagi rolim tashrif qog‘ozimga aylandi
U “Aldangan ayol” filmigacha o‘nlab kino va seriallarda turli janrdagi rollarni talqin qilgan bo‘lsa-da, biroq shu filmdagi Mohira roli orqali xalqqa aktrisa sifatida yanada tanilgan.

— Menga ilk mashhurlikni aynan biror rolim emas, balki “Oltin toj” ko‘rsatuvi olib kelgan. Shu tufayli ko‘p ijodkorlar meni boshlovchi sifatida tanigan. Vaqt o‘tib, aktrisalik mahoratim rejissyorlar nazariga tushgach, kinolarga taklif eta boshlashdi. Lekin oilaviy sharoit, ssenariy ma’qul kelmagani yoki syomka jarayonlarining oilamdan uzoq joylarda oylab davom etishiga yaqinlarim rozi bo‘lmaganligi uchun o‘nlab ssenariylarga rad javobini berishimga to‘g‘ri kelgan. Ammo oradan yillar o‘tgach, “Aldangan ayol” filmi aktrisa sifatida tan olishimga sabab bo‘ldi va bu mening tashrif qog‘ozimga aylandi, desam sira yanglishmayman, deydi aktrisa.
“Teatrda meni qayta kashf qilasiz”
Rayhon Ulasenova 20 yil davomida “Ilhom” teatrida faoliyat yuritgan. Biroq odamlar uni teleboshlovchi va kinoaktrisa sifatida taniydi. Xo‘sh, ibratxona haqida u nima deydi?

— Balki, teatrimizda barcha sahna asarlari rus tilida qo‘yilganligi va tomoshabinlar ham rusiyzabon bo‘lganligi bois bu dargohni ko‘pchilik bilmasa kerak. Ammo o‘ziga yarasha muxlislari bor va har bir spektaklda zal to‘ladi. To‘g‘ri, meni teatr aktrisasi ekanligimni aksariyat o‘zbek tomoshabinlari bilishmaydi. Biroq ular ham ikkinchi uyimga tashrif buyurishsa, Rayhon Ulasenovani o‘zlari uchun qayta kashf qilishlari shubhasiz (kuladi).
Bu gapni bekorga aytganim yo‘q. Bir safar mahoratli kinorejissyor Hilol Nasimovni teatrimizga spektakl ko‘rgani taklif qilsam, ular tomosha tugagach, “Ochig‘i, sizni bu darajada katta ampluadagi aktrisa, deya sira o‘ylamagandim. Spektaklni ko‘rib esa qirralaringiz ko‘pligini bildim va o‘zim uchun qaytadan kashf etdim”, degandi. O‘shanda ijodiy mahoratimni muntazam charxlab turuvchi teatr aktyori ekanligimdan yana bir bor faxrlanganman, deydi u.
“Zirapcha” yelkamdagi eng katta mas’uliyat bo‘lgan”
Rayhon Ulasenova O‘zbekistonda shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ko‘p mavsumli “Zirapcha” realiti-shousida maktab direktori vazifasini o‘tagan. Bu loyiha uning uchun eng mas’uliyatli vazifalardan biri bo‘lganini yashirmaydi.

— “Zirapcha” teleloyihasi ustida ish olib borilayotganida “Oydin hayot”dan ajralmay, har ikkisida ham faoliyat yuritayotgandim. Loyiha rahbariyati roziligini olgach, so‘ng “Zirapcha”da ishlashni boshladim. Avvaliga ko‘p ikkilanishlar bo‘ldi. Negaki yelkamda juda katta mas’uliyat bor edi. Ishtirokchilarning har biriga alohida e’tibor, rag‘bat va mehr ko‘rsatishda qiynalmasmikanman, deya oila a’zolarim, yaqinlarim va ustozlarim bilan maslahatlashgan holda loyihaga astoydil yeng shimarib kirishdim.
Biz “Zirapcha” orqali nafaqat o‘n ikki nafar qizni, balki ekran orqali tomosha qilayotgan ko‘plab singillarimizning ham hayotida ijobiy tomonga burilishga hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilayotgan izohlarga ko‘z yugurtirganimda “Opa, bu loyihani tomosha qilib, o‘zimizga oyna tutgandek bo‘ldik. Biz xato ish qilayotgan ekanmiz. Hatto o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetib kelgandik. Bu noto‘g‘ri ish va gunohligini tushunib yetdik”, degan fikrlarni ham o‘qidim. Bu esa ijodiy jamoaning maqsadi ozmi-ko‘pmi o‘z mevasini berayotganidan nishonadir, deydi Rayhon Ulasenova.
“Boshlovchilik faoliyatimni to‘xtatishga majbur bo‘lganman”
Rayhon Ulasenova “O‘zbekiston” telekanali orqali efirga uzatilgan “Oydin hayot” tok-shousida uzoq yillar boshlovchilik qilib kelgan. Xo‘sh, aktrisa ko‘rsatuvdagi faoliyatini nega to‘xtatgandi?

— “Oydin hayot”ni tark etishimga asosiy sabab qilib “Zirapcha”ni ko‘rsata olmayman. Men va boshlovchilikdagi hamrohim Rixstilla Abdullayevni tongda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga taklif qilishdi. Ammo biz tig‘iz ish tartibimiz tufayli tongda tasvirga olish ishlariga kelolmasligimizni aytdik. Shundan so‘ng o‘rnimizga boshqa boshlovchilarni tanlashdi. Hattoki yaqingacha boshlovchilik qilgan bu ko‘rsatuvga o‘zim mehmon sifatida borib keldim va shundan so‘ng ko‘rsatuvdan bo‘shash vaqti kelganini tushunib yetdim. Tabiatan juda rashkchi insonligim bois ko‘rsatuvni boshqa boshlovchilardan qizg‘andim ham, deydi kulib aktrisa.
“Mendirman Jaloliddin” seriali uchun turk tilini o‘rganganman”
Rayhon Ulasenova katta masshtabda suratga olingan “Mendirman Jaloliddin” serialida suratga tushgan. Suratga olish ishlari Turkiyada bo‘lgani sababli u o‘zbek hamkasblari bilan bir necha yil o‘sha yerda yashashiga to‘g‘ri kelgan. U serialda Xorazmshoh Alovuddin Muhammadning xotini, O‘zloqshoh va Oqshohning onasi rolini ijro etgan.

— “Mendirman Jaloliddin” tarixiy serialida o‘zim uchun harakat qilmadim, balki butun O‘zbekiston uchun harakat qildim. Bu juda ham katta mas’uliyat, ushbu mas’uliyatni his qilib mehnat qildik. Turk tilini yaxshi o‘rganishimiz lozimligi sababli seriallar tomosha qildim. Biz ham rolimizni turk tilida ijro etdik. Turklarda tayyorgarlik maktabi juda ham kuchli ekan.
Hamma narsada, masalan, to‘y qilasizmi, bayrammi, tadbirmi, tayyorgarligingiz yaxshi bo‘lmasa, demak o‘sha loyiha yaxshi bo‘lmaydi. U xoh spektakl bo‘lsin, xoh kino, farqi yo‘q. Shu kabi bunday katta loyihaga ham katta tayyorgarlik ko‘rish kerak. Shu narsa bizni juda ham o‘ziga jalb etdi. Balki, biz qilich tutmasmiz, balki ot minmasmiz, lekin butun jamoa hammasi shu ishni qilishi shart. Shartnomaga qo‘l qo‘yasiz: erkaklar, ayollar bir xil vazifani bajaradi. Men charchab qoldim, men ayolman degan gap yo‘q. Askarlar singari ishladik, mehnat qildik.
Ushbu serialda suratga tushayotganimdan juda ham xursand bo‘ldim. Bu faoliyatimdagi eng katta loyiha. Aynan shu loyihada gonorar haqida umuman gaplashmadik. Men uchun gonorar emas, ijod mahsulim juda-juda kerak. Gonorarim mehnatimga yarasha, degan aktrisa serialni suratga olish ishlari davomida.
“Boshlovchilik qilayotgan ayrimlarga e’tirozim bor”
Rayhon bugungi kunda to‘y-hashamlardagi qimmat boshlovchilardan biri. U bir tadbirda xizmat qilib berishni 600 dollarga baholaydi. Professional boshlovchining bu sohaga kirib kelgan ayrim aktyor va aktrisalarga e’tirozi yo‘q emas.

— Bizning soha bo‘yicha maxsus bilimga ega bo‘lmay turib, boshlovchilik qilayotganlarga biroz e’tirozim bor. Masalan, filmlar syomkasida shifokor rolini o‘ynashimiz mumkin. Lekin hayotda jarrohlik stoli oldiga borib, bemorlarga tig‘ tutolmaymiz yoki ukol qilolmaymiz. Chunki bizning tibbiyot sohasida yetarlicha bilim va uquvimiz yo‘q. Shunday ekan, boshlovchilikka qiziqishi borlar yillab oliy dargohda o‘qimasa-da, qisqa muddatli kurslarda ustozlar sabog‘ini olishlarini va boshlovchilikka uquv bilan yondashishlarini istardim, deydi u.
“Qizimning hayoti qil ustida turganda Allohga va’da berganman”
Aktrisaning qizi Mohinur tug‘uruqxonada mo‘jiza sabab omon qolgan, shundan keyin u qizining ismini o‘zgartirish fikridan qaytgan.

— 2008-yilning 22-yanvari soat chamasi ikki edi. O‘sha yili anomal sovuq bo‘lgandi. Turmush o‘rtog‘imga “Jonim, turing, yo‘lga chiqaylik, menimcha vaqti keldi” dedim. Qor gupullab yog‘moqda, hatto yoningizdagi odam ham ko‘rinmaydi. Ko‘cha shu darajada sovuq ediki, mashinamiz o‘t ololmagan. Mashinani amallab o‘t oldirdik, lekin pechka muzlab qolganidan ishlatolmadik. Turmush o‘rtog‘im meni ko‘rpaga o‘rab, mashinaga o‘tqazgan, men esa yo‘l bo‘yi dard yutib, yo‘limiz sal bo‘lsa ham ko‘rinishi uchun oynani ishqalab ketdim.
Yo‘l bo‘yi erim “Qizimizning ismini Mohinur qo‘yamiz. Qara, qor yog‘sa ham oy nurini sochib turibdi, bu bejizga emas”, dedi. Men esa ismini Yasmin qo‘yamiz derdim. Soat 7:45 da qizim dunyoga keldi. Kunlar o‘tdi, erim yana: “Rayhon, qizimizning ismini Mohinur qo‘yamiz, onamlarni ham tushlariga kiribdi — nabiram Mohinur ismi bilan tug‘ildi, deb”, dedilar. Men esa: “Yo‘q, ikkinchi farzandga sen ism berasan, degandingiz, ismi Yasmin”, dedim. Erim yana yaxshilab o‘ylab ko‘rishimni, ertaga ertalab hujjat olishini aytdi.

Kechasi to‘satdan bolamning mazasi qochdi. Doktorlar soppa-sog‘ bolaga nima bo‘lganini tushunmay talvasada qoldi. O‘shanda qor parchalari orasidan nur sochib turgan oynani ko‘rib, o‘kirib yig‘ladim. Tiz cho‘kib Allohga yolvorib, “Yo Alloh, xato qilgan bo‘lsam, meni kechir, bolamga shifo ber. Qizim Mohinur tuzalib ketsa, boshimni sajdaga qo‘yaman. O‘zim ham, bolalarim ham buyurilgan vaqtda sajdada bo‘lishadi”, deb o‘sha kuni Yaratganga va’da berganman. Tong saharlab erimga qo‘ng‘iroq qilib, hujjatlarni Mohinur ismi bilan olishlarini iltimos qilganman, deydi aktrisa.
“Qizimga uy ishlarini qilgani uchun oylik to‘layman”
Aktrisa qiziga har oy uy ishlarini qilayotgani uchun oylik to‘laydi va shu orqali unga moddiy tomonlama tarbiya berayotgani haqida aytadi. “Oxirgi uch-to‘rt yil ichida qizim biror marta pul so‘ramagan” deydi aktrisa.

— Men har oy qizimga pul to‘layman. Nima sababdan bu ishni qilayotganimni so‘rashingiz mumkin, aslida men bitta o‘q bilan ikkita quyonni uraman. Oxirgi uch-to‘rt yil ichida qizim biror marta pul so‘ramagan. O‘zining puliga iPhone 14 sotib oldi. Men uni go‘yoki qilayotgan ishlari uchun rag‘batlantiryapman-u, lekin qaysidir ma’noda o‘zi pul ishlab topyapti.
Qizim o‘z pulini avaylaydi, ortiqcha ishlatib qo‘ymaydi va o‘zi olgan narsasi juda ham qadrli bo‘ladi. Masalan, Dubayda quloqchinini yo‘qotib qo‘ydi, uni uch yil oldin o‘zining puliga sotib olgan edi. Keyin men uni topishim kerak, shuncha pulga sotib olganman, dedi. Oxiri topdik.

Yoshligimizda kichkina teatr studiyamiz bo‘lardi, otam ishga borib kelganimizdan so‘ng hammaga oylik to‘lardi. Bu pullarni oilaniki deb olib qo‘ymasdi, hammaga oylik to‘lardi. Kontraktimizni ham o‘zimiz to‘laganmiz, kiyim-kechagimizni ham o‘zimiz olganmiz. Kimdir u bolangiz-ku, deb aytishi mumkin, aslida hech kim hech kimga hech narsa qilishga majbur emas.
Qaysidir ma’noda, u mening yordamchim, ishlarni qilyapti. Kamroq beryapman, lekin u o‘zining puli. Hozirdan o‘zi pul yig‘ib, taqsimlashni, nimaga ishlatishni o‘rganadi. Nimadir olishi kerakligini aytadi, puling yetsa, ol, deyman, deydi aktrisa.
“Aktrisa bo‘lganimdan afsuslandim”
Aktrisa Rayhon Ulasenova ham 2022-yilda o‘tkazilgan XIV Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etgandi. U kinofestivalning “Turk kino kunlari” ijodiy kechasi ochilish marosimida qatnashgan va bir holat sababli umrida birinchi bor san’atkor bo‘lganiga afsuslangan.

— Umrimda birinchi marta san’at vakili bo‘lganimdan afsuslandim. Bu meni juda ranjitdi. Agar bloger bo‘lganimda, ehtimol meni ham tomoshabinlar zaliga kiritishgan va o‘rnimdan turib, joy berishimni talab qilishmas edi. Kinofestival bizning bayramimiz deb o‘ylardim, aslida esa unaqa emas ekan, deydi aktrisa.
“Rahmatli otam pulni emas, vaqtni qadrlashni o‘rgatgan”
Aktrisa uka-singillari bilan vaqt topib uchrashib turishi sababchisi sifatida otasidan minnatdor bo‘ladi.

— Otam rahmatli reja asosida ish qilishga odatlantirganlar. “Sizlar mol-mulk, pulni emas, vaqtni qadrlanglar. Barcha narsa topilishi mumkin, ammo vaqt topilmaydi”, deya ko‘p takrorlardi. Shu fikrlar haligacha biz farzandlar qulog‘ida jaranglab turadi. Ukam Jahongir, singillarim Oyxon va Zulayho ham ijoddan tashqari, oilasiga yetarlicha vaqt ajratib, farzandlarini aylantirishga ulguradi. Bir-birimiznikiga mehmonga borishga ham vaqt topamiz. Demak, bularning barchasi asosida reja turibdi. Agar har bir inson chin dildan istasa, ko‘p narsaning uddasidan chiqishi mumkin. Faqat buning uchun puxta ishlangan kun tartibi bo‘lishi kerak. Odatda vaqt o‘tib ketyapti, deb ko‘p aytamiz. Aslida esa vaqt emas, umrimiz o‘tib bormoqda, deydi aktrisa.
“Temir daftarda bezori o‘quvchilar bilan ro‘yxatda turgan bolaligimni sog‘indim”
Rayhon Ulasenova 2021-yilning 31-dekabri juma kuni hijobga kirganini ma’lum qildi. Shu kundan boshlab uning televideniyedagi chiqishlari sezilarli darajada kamaydi.

— Bugun o‘sha palto kiygan qaysar qizchani sog‘indim. 6 yoshidan boshlab bitta o‘zi chet ellarga, xalqaro festivallarga boradigan Rayhonni sog‘indim. Oyog‘i kuyib, etigiga yopishib qolgan bo‘lsa ham, men raqsga tushishni uddalayman, deydigan o‘jar qizni sog‘indim. Beshtaga bitta chiqadigan urushqoq qizni sog‘indim. Temir daftarda bezori o‘quvchilar bilan bitta ro‘yxatda tursa-da, qizil attestatga bitirgan a’lochi qizni sog‘indim. 17 yosh bo‘lishiga qaramasdan nafaqat o‘zini, kursdoshining ham kontraktini O‘zbek teatrga to‘lab berishini hal qilgan, o‘ziga ishongan qizni sog‘indim.
Qattiqqo‘l bo‘lishiga qaramasdan, qaysarliklarimni ko‘targan dadamni sog‘indim. Ancha ulg‘ayganimni angladim. Oxirgi 4 yil ichida kiyinish uslubim sabab ko‘p sinovlardan o‘tdim, chilparchin bo‘ldim, lekin yana tiklandim — oson bo‘lmadi. Baxtimga onam sog‘ bo‘lsin, o‘zimni ularning yonida kichkina Rayhondek his etaman, deydi aktrisa Rayhon Ulasenova.
Izoh (0)