Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-iyun kuni, Toshkent xalqaro investitsiya forumi arafasida Amerika Qo‘shma Shtatlarining yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda AQSH Davlat kotibi yordamchisi Erik Meyer, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi vitse-prezidenti Brez Betani, shuningdek, Boeing, FLS, Visa, Nasdaq, Air Products, Franklin Templeton, Morgan Stanley, Coca-Cola va boshqa ko‘plab korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Davlat rahbari ushbu uchrashuv Amerika biznesida O‘zbekistondagi faoliyatni kengaytirishga qiziqish ortib borayotganidan dalolat ekanini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Investitsion va innovatsion hamkorlik istiqbollariga, strategik ahamiyatga ega materiallarni o‘zlashtirish va qayta ishlash, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar, transport va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalarda aniq loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

AQSHning yetakchi kompaniyalari rahbarlari investorlarning samarali faoliyatiga yaratilayotgan qulay sharoitlar uchun O‘zbekiston prezidentiga minnatdorlik bildirib, o‘zlarining aniq taklif va rejalarini bayon qildi.



Izoh (0)