Shavkat Mirziyoyev 18-aprel kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida Sanepidqo‘m faoliyati, standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini tanqid qildi.

Prezident standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimidagi eskirgan talablar va byurokratiya tadbirkorlarning “qo‘lini bog‘layotgani”, sohada korrupsiyani keltirib chiqarayotganini ko‘rsatib o‘tdi. 25 mingdan ortiq standart, 41 ta texnik reglament xalqaro bozor talablariga mos kelmaydi. Hozirda 13 mingga yaqin turdagi tovarning 6,5 mingi majburiy sertifikatlanadi, bu esa tannarxni oshiradi.
“Vazirlar, hokimlar qachon tadbirkorlarni eshitib, qaysi standartni yangilash, qaysi birini bekor qilish, nima mahsulotni majburiy sertifikatsiya ro‘yxatidan chiqarishni o‘ylab ko‘rdi? Afsuski, bunga ijobiy javob yo‘q”, deya qat’iy e’tiroz bildirdi prezident.
Xususan, investorlar O‘zbekistondagi ko‘p laboratoriyalar talabga javob bermasligi, rivojlangan davlatlar standartlari esa tan olinmayotganini aytmoqda. Hozirgi tizimda sertifikatlash organlari bir paytning o‘zida bozor nazoratini ham olib borayotgani, bu esa manfaatlar to‘qnashuviga olib kelayotgani qayd etildi.
Davlat rahbari sertifikatlashtirish tizimidagi ayrim muammolarni sanab, ularning yechimlarini aytdi.
Ta’kidlanganidek, sut va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘zining mahsulotiga Sanepidqo‘m xulosasini olish tizimidan norozi. Masalan, yiliga 100 million dollarlik bolalar ozuqasi import bo‘lmoqda. Lekin zamonaviy uskuna keltirib, zavod qurgan tadbirkor Sanepidqo‘m xulosasi yo‘qligi uchun ishlab chiqarishni boshlay olmayapti. Xulosa berish uchun esa standart yo‘q.
Qo‘mita rahbariyati “bu mahsulotga bizda standart yo‘q”, deb kutib o‘tirmasdan, o‘zi tashabbus qilib, tadbirkor bilan birga standart ishlab chiqmayotgani tanqid qilindi.
Ayrim tuman sanepidxizmatlari haligacha tadbirkordan bitta mahsulotning har xil qadoqlangan partiyasini alohida sinovdan o‘tkazishni talab qilmoqda. Bu qo‘shimcha vaqt, qo‘shimcha xarajat talab qiladi. Prezident bir vaqtda tayyorlangan mahsulotning har xil hajmda qadoqlanishi sifatga naqadar aloqador ekani savol uyg‘otishini aytdi.
Shuningdek, mineral suv ishlab chiqaruvchilar 45 ta ko‘rsatkich bo‘yicha xulosa olishi kerak. Tadbirkorlar shuning 43 tasi uchun Sanepidqo‘m tizimidagi laboratoriyalarga, qolgan 2 tasi bo‘yicha boshqa laboratoriyaga bormoqda.

Qo‘mitaga hamma tekshiruvni bitta joyda tashkil qilish topshirildi.
Meva-sabzavot va dukkakli ekinlar sifatini tekshirish uchun ham 3 ta tashkilotning laboratoriyasiga borish kerak. Eng yomoni, bu laboratoriyalarning xulosasi rivojlangan davlatlarda tan olinmaydi. Shu bois eksportchilar qimmat bozorga chiqishdan oldin sertifikat olish uchun xorijga namuna jo‘natyapti. Mutasaddilarga shu paytgacha birorta xalqaro tan olingan laboratoriyani olib kelmagani, eskirgan ustma-ust sertifikatlash amaliyoti haligacha davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar chetdan keladigan vitrinali sovitkichlarni sertifikatsiyalash jarayoni 3 oygacha cho‘zilayotganini aytmoqda. Kuryerlik xizmati korxonalari moped olib kelib, odamlarni ishli qilayotgani, lekin mopedning o‘zi 300 dollar tursa, uni standartdan o‘tkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablag‘ ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Majlisda qayd etilishicha, xususiy klinikalar “O‘zbekistonga ilk bor olib kelinayotgan ayrim tibbiy uskunalarni Farmqo‘mitada ro‘yxatdan o‘tkazish xarajati ularning narxidan 10 karra qimmat”, demoqda. Shuningdek, qo‘mitada oddiy termometrni ham, MRT uskunasini ham ro‘yxatdan o‘tkazishga 4-5 oy vaqt ketmoqda.
Davlat rahbari bunday to‘lov va tartibotlar mutasaddilar tomonidan naqadar chuqur o‘ylanganini savol ostiga qo‘ydi.
“Bu yondashuv to‘g‘rimi? Albatta yo‘q. Murakkabligi va xavflilik darajasiga qarab, tibbiy uskuna, tibbiy buyum va dori-darmon uchun alohida-alohida muddat belgilash kerak”, dedi prezident.
Prezident sertifikatlashtirish va standartlashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini belgilab berdi. Alohida farmon bilan Texnik tartibga solish agentligi, Sanepidqo‘m, Veterinariya qo‘mitasi, Karantin agentligi kabi idoralarning mahsulotga xulosa berish vakolatlari aniq belgilab beriladi.
Bunda takrorlanuvchi va ustma-ust tartiblar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Masalan:
- oziq-ovqat mahsuloti sifati va xavfsizligi nazorati bilan faqat Sanepidqo‘m shug‘ullanadi;
- oziq-ovqat uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi;
- qo‘mita asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha sanitariya qoidalari va normalarini xalqaro talablarga Kodeks Alimentariusga muvofiqlashtiradi.
Boshqa tizimlar ham xuddi shu tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.
Izoh (0)