Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev 1-dekabr kuni tez yordam mashinasida sudga olib kelindi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sobiq davlat rahbari harbiy xizmatchilar hamrohligida Pervomayskiy tuman sudiga 2010-yil O‘sh voqealari bo‘yicha kelgan. Atambayevga nisbatan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 337-moddasi “Xizmat vakolatini suiiste’mol qilish” bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
16-iyun kuni sud ikki jinoiy ish bo‘yicha Almazbek Atambayevni oqlagan. Unda sobiq prezident Turkiya fuqarolariga noqonuniy pasport berish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblangandi.
Sud majlisida Atambayev bu “sirkda” qatnashishni xohlamasligi, sog‘lig‘i ham bunga yo‘l qo‘ymasligini aytgan. U tartibni buzishga majburligini ta’kidlab, sud zalidan uni olib chiqishni so‘ragan va kabina oynasini tepgan.Sudya Atambayevga murojaat qilgan. Biroq uning advokati Sergey Slesarev Qirg‘iziston sobiq rahbari savollarga javob bermasligi va sudda ko‘rsatma bermasligini aytgan. Shundan keyin Atambayevning o‘zi nutq so‘zlagan.
Atambayev tarafdorlarining hayqiriqlari ostida sud zalidan olib ketilgan. Sobiq prezident boshqa sud majlislarida ham shunday qilgan.
2010-yil 10-iyunda Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahrida qirg‘iz va o‘zbek etnik guruhlari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 442 ta o‘lim qayd etilgan, biroq OAV halok bo‘lganlar soni 2 000 dan ortiq bo‘lishi mumkinligini xabar bergan.
Izoh (0)