Surxondaryo va Toshkent viloyatida gaz quvuriga avtomobil urilishi hamda qurilish jarayonidagi e’tiborsizlik sabab yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etildi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi axborot xizmati.
Keltirilishicha, 24-sentyabr kuni soat 21:40 da Muzrabot tumani, “Darband” mahallasi hududidagi diametri D-219 mm bo‘lgan gaz quvuriga haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan avtomobilning kelib urilishi natijasida quvurdan gaz sizib chiqqan. Ushbu avariya holatini bartaraf etish maqsadida tumandagi ayrim iste’molchilar (1 915 ta xonadon)ga tabiiy gaz yetkazib berilishi vaqtincha to‘xtatilgan.
Ushbu nosozlikni bartaraf qilish uchun hududga maxsus brigada jalb etildi va avariya oqibatlari 25-sentyabr kuni soat 18:11 da to‘liq bartaraf qilinib, iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish jarayoni bosqichma-bosqich tiklandi.
Shuningdek, 25-sentyabr kuni soat taxminan 14:30 lar atrofida Toshkent viloyati, Piskent tumanining “Baxt” uchastkasi hududida qurilish ishlarini olib borayotgan ekskavator haydovchisining e’tiborsizligi oqibatida yer ostidagi yuqori bosimli D-325 mm gaz tarmog‘iga qattiq shikast yetkazilgan. Natijada quvurdan gaz sizib chiqish holati kuzatilgan. Avariyani bartaraf etish maqsadida tumandagi ayrim iste’molchilar (15 198 ta aholi xonadoni hamda 320 ta ulgurji iste’molchi)ga tabiiy gaz yetkazib berilishi vaqtincha to‘xtatilgan.
Ushbu nosozlikni bartaraf qilish uchun hududga maxsus brigada jalb etildi va avariya oqibatlari 26-sentyabr kuni soat 10:15 da to‘liq bartaraf qilinib, iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish jarayoni bosqichma-bosqich tiklandi.
Izoh (0)