Germaniyadan turli jinoyatlari uchun deportatsiya qilingan Afg‘oniston fuqarolari Kobul yaqinidagi Puli-Charxi qamoqxonasida saqlanmoqda, deya xabar berdi Bild.
Ular Afg‘onistondagi eng yirik qamoqxonada qancha muddat qolishi hozircha aniq emas.
2021-yil avgust oyida “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelishidan oldin ham Puli-Charxi qamoqxonasi mahbuslar bilan to‘lib-toshgan, axloq tuzatish muassasasida zo‘ravonlik, qiynoqlar va dahshatli antisanitariya holatlari haqida xabarlar tarqalgandi. “Tolibon” hokimiyatga kelganidan keyin vaziyat yanada og‘irlashgan.
“ ‘Tolibon’ mahbuslarni oziq-ovqat bilan ta’minlay olmagani uchun, bir muddat Xalqaro Qizil Xoch jamiyati ularni oziq-ovqat bilan ta’minlagan. Keyinchalik bu amaliyot to‘xtatilgan. Bugungi kunda mahbuslarga qotgan non, chirigan sabzavotlar va suv berilishi ma’lum bo‘ldi”, deya ta’kidlaydi nashr.
Hojatxonalarning yetishmasligi tufayli ko‘plab mahbuslar chelaklardan foydalanishga majbur. Bundan tashqari, qamoqxona, BBC ta’kidlaganidek, suvaraklar bilan to‘la.
Jinoyatchilarni Afg‘onistonga deportatsiya qilish uchun mas’ul bo‘lgan Germaniya Ichki ishlar vazirligi mahbuslarni saqlash sharoitlariga izoh bermagan.
Izoh (0)