Toshkent viloyati Yangiyo‘lda bir oilaning 5 nafar a’zosi murdalari turli tan jarohatlari bilan topilgani haqida xabar berilgandi.
Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, ushbu jinoyatda gumonlanayotgan shaxs ushlandi. Olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi shaxs (1995-yilda tug‘ilgan) jabrlanuvchi erkak (marhum)ning qarindoshi hisoblanib, u ushbu jinoyatni o‘rtalarida mavjud bo‘lgan qarz munosabati sababli sodir etgani ma’lum bo‘ldi.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
Hodisa tafsilotlari.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 26-iyul soat 06:19 larda Yangiyo‘l tumani Nurafshon ko‘chasida joylashgan xonadonda yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan Yangiyo‘l tumani FVB yong‘in qutqaruv qismi o‘t o‘chiruvchilari tomonidan voqea joyiga chiqilib, kelib chiqqan yong‘in bartaraf etilgan.
Xonadonni ko‘zdan kechirish davomida 5 nafar (1991-yilda tug‘ilgan erkak, 1999-yilda tug‘ilgan ayol, 2021 va 2022-yilda tug‘ilgan bolalar va 2018-yilda tug‘ilgan qiz) shaxsning murdalari turli tan jarohatlari bilan topilgan.
Mazkur holat yuzasidan Yangiyo‘l tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)