NATO ittifoqchilari kelasi yilda Ukraina uchun 40 milliard yevro hajmida yordam paketi ajratish borasida kelishuvga erishgan. Bu haqda shaxsi maʼlum qilinmagan G‘arbiy Yevropa diplomati bergan maʼlumotga asoslanib, Reuters nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 40 milliard yevro (43 milliard AQSH dollari) hajmidagi mablag‘ 2025-yilning boshida Kiyev uchun ajratiladi. Ushbu paket haqidagi xabar Vashingtonda alyans ishtirokchilari sammit uchun yig‘ilishidan bir hafta oldin tarqalmoqda.
Oldinroq NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg tashkilotga aʼzo davlatlardan Ukrainaga harbiy yordamni miqdoran yetarli tarzda davom ettirishni so‘ragan edi. Mamlakatni inqiroz holatdan olib chiqish hamda harbiy salohiyatni saqlab turish uchun zarur mablag‘ esa 40 milliard yevro atrofida etib belgilangan.
2024-yil 31-may kuni Pragada NATO tashqi ishlar vazirlarining norasmiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda ham asosiy mavzu sharqiy mudofaani kuchaytirish borasida bo‘lgan. Ishtirokchilar yig‘ilishda Ukrainani uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash dasturiga bir ovozdan rozilik bildirgan.
Stoltenbergning davomiy va adolatli moliyaviy hissa qo‘shishga chaqiruvi NATOning Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi davom etayotgan kurashida qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini taʼkidlaydi. 2022-yil fevral oyida Rossiya keng miqyosli bosqin uyushtirganidan buyon, asosan AQSh boshchiligidagi NATO ittifoqchilari Ukrainaga katta harbiy yordam ko‘rsatdi. Bu yordam Ukrainaga bosqinga qarshi turish va mudofaa saʼy-harakatlarini davom ettirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Tahlilchilarning taʼkidlashicha, AQSHda prezident o‘zgarishi — Trampning rahbarlikka kelishi 2025-yilga mo‘ljallangan 40 milliard yevrolik yordam paketini to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Chunki paketdagi mablag‘ning salmoqli hissasi AQSH ulushiga to‘g‘ri keladi, prezidentlikka nomzod Tramp esa xorijga har qanday pul uzatmalariga keskin qarshi.
Izoh (0)