Syerra-Leone hukumati yangi qonun loyihasi ishlan chiqib, mamlakatda bolalar nikohini taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
Syerra-Leone prezidenti Julius Maada Bio 2-iyul kuni qonun loyihasini tasdiqlagan. Endilikda mamlakat miqyosida keng tarqalgan voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi nikoh uchun jiddiy javobgarlik joriy qilinadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylariga ko‘ra, yangi qonun tufayli advokatlar Syerra-Leonedagi voyaga yetmagan qizlar huquqlarini himoya qilishda ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Majburiy va o‘z ixtiyorisiz nikohga qarshi targ‘ibot kampaniyalari kuchaytiriladi.
Hozirda Syerra-Leoneda balog‘atga yetmasdan turmushga chiqish ko‘rsatkichi mamlakat qizlarining kamida uchdan birida kuzatilmoqda. 13-14 yoshda turmushga uzatilish holatlari nihoyatda ko‘p. Bu esa keyinchalik onalar va bolalar o‘limi ko‘payishiga olib kelgan.
Yangi qonunga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan qizga uylangan har qanday erkak kamida 15 yillik qamoq jazosi va 4000 dollar atrofida jarimaga tortilishi mumkin. Turmushdagi jinsiy zo‘ravonlik dalillariga muvofiq tarzda bu jazo yana kuchaytirilishi mumkin.
Yangi tartib ota-onalar yoki voyaga yetmaganlar nikoh marosimlarida qatnashuvchilar uchun ham jarima tayinlashni ko‘zda tutadi. AQSH hukumatining Afrika ishlari bo‘yicha byurosi qonun loyihasining qabul qilinishini “nafaqat qizlarni himoya qiladigan, balki inson huquqlarining mustahkam himoyasini taʼminlovchi muhim bosqich” sifatida olqishlagan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining YUNISEF agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, G‘arbiy va Markaziy Afrika dunyoda eng ko‘p bolalar nikohi qayd etilgan hudud hisoblanadi. Ushbu mintaqada balog‘at yoshiga yetmay turmushga uzatilgan qizlar soni 60 million nafarga yetgan.
Izoh (0)