Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2024-yilning may—iyun oylarida respublika bo‘yicha tashkil etilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, ushbu muddatda mamlakatda umumiy hisobda 1 155 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilgan. Eng ko‘p bog‘cha Namangan viloyatida ochilgan — 206 ta. Farg‘ona viloyatida — 189 ta, Samarqand viloyatida esa 141 ta oilaviy bog‘cha ochilgan.
Ikki oy ichida eng kam oilaviy bog‘cha tashkil etilgan hudud esa Qashqadaryo viloyati — 21 ta. Xorazm viloyatida — 22 ta, aholi nisbatan kam yashaydigan hududlar — Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida mos ravishda 37 ta va 63 ta oilaviy bog‘cha tashkil etilgan.
Tumanlar kesimida Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on va Uychi tumanlari yetakchilik qilgan: ushbu hududlarda mos ravishda 36 ta va 35 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilgan.
- Avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini kasbiy rivojlantirishning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
- May oyida esa Toshkent shahar hokimligi poytaxt maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi navbati mavjud bo‘lmagan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari ro‘yxatini eʼlon qilgan edi.
Izoh (0)