Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar yirik ilonlardan qo‘rqib qochib ketayotgani aks etgan video tarqaldi. Foydalanuvchilar videodagi xona Rossiya Davlat kinematografiya institutining (VGIK) Toshkent filiali auditoriyasi ekanini yozishgan.
Oliygoh voqeaga izoh berdi. Ma’lum bo‘lishicha, voqea sahnalashtirilgan bo‘lgan. Mazkur sahna rejissor Zilola Jo‘rayeva tomonidan suratga olinayotgan “Badavlat gadoylar” yangi teleseriali uchun suratga olingan.
Loyiha “Milliy” telekanali buyurtmasi bilan VGIK Toshkent filiali o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida suratga olinmoqda.
“Serialni suratga olish jarayonida xavfsizlik choralari ko‘rilganini, suratga olish maydonchasida gerpetologlar ishlaganini va qochish sahnalari sahnalashtirilganini ta’kidlaymiz. Jarohatlanganlar yo‘q”, — deyiladi institut xabarida.
Foydalanuvchilardan bunday provokatsion videolarga berilmaslik, shuningdek, tasdiqlanmagan ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqatmaslik so‘ralgan. Shuningdek, VGIK filial odatdagidek ishlayotganini, abituriyentlar qabul qilinayotganini qayd etdi.
Izoh (0)