Toshkent shahar Uchtepa tumanida pul evaziga AQSHga ishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar berdi.
Unga ko‘ra, holatlardan biri Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan. Fuqaro G.A. fuqaro G.B.ning ishonchiga kirib, 3 nafar fuqaroni 42 000 AQSH dollari evaziga tanishlari yordamida Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishi hamda viza hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 28 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departamentning Uchtepa tuman bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda fuqaro F.A. fuqaro M.Y.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida Amerika Qo‘shma Shtatlariga borishi uchun hujjatlarni rasmiylashtirib, viza olib berishi evaziga 17 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)