Toshkent shahar Sergeli tumanida teplovoz va avtobus o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. “Toshshahartransxizmat” AJ holatga izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat bugun, 29-may kuni soat 15:50 larda sodir bo‘lgan. 11-sonli yo‘nalish haydovchi I.A. boshqaruvidagi avtobus Sergeli tumani, Qumariq ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda, tartibga solinmagan temiryo‘l kesishmasidan harakatlanib kelayotgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli teplovoz bilan to‘qnashuv sodir etgan.
Hodisa natijasida tan jarohati olganlar yo‘q, avtobus texnik shikastlangan. Hozirda ushbu yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan.
Hodisa yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki surishtiruv harakatlari natijalariga ko‘ra, haydovchi I.A. avtobusni boshqarib kelib temiryo‘l kesishmasida to‘xtagan va boshqa transport vositalari bilan birga harakatni boshlab, temiryo‘l kesishmasidan harakatlanib o‘tayotgan vaqtida teplovoz avtobusning orqa o‘ng tomon kuzov qismiga kelib urilgan.
Shuningdek, teplovoz tartibga solinmagan temiryo‘l kesishmasidan harakatlanib o‘tishidan avval yo‘nalish bo‘ylab transport vositalarini to‘xtatib turuvchi temiryo‘l nazoratchi xodimi voqea joyida bo‘lmagani sababli transport vositalarini to‘xtatish choralari ko‘rilmagan.
Izoh (0)