O‘zbekiston va Eron baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Unga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, “O‘zbaliqsanoat” uyushmasi va ishbilarmon doira vakillaridan iborat mamlakat delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Eronga bordi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Eron qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari — Baliqchilik tashkiloti raisi Said Xosseyniy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Eron o‘rtasida baliqchilik, akvakultura, chorvachilik, veterinariya va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Eron qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari mamlakatning baliqchilik va akvakultura bo‘yicha salohiyati to‘g‘risida ma‘lumot berdi. Qayd etilishicha, 2023-yilda Eronda 1,4 million tonna baliq mahsulotlari ishlab chiqarilgan va qiymati 650 million AQSH dollariga teng 210 ming tonna baliq va dengiz mahsulotlari eksport qilingan.
“O‘zbaliqsanoat” uyushmasi vakillari O‘zbekistonning baliqchilik salohiyati va imkoniyatlari hamda ushbu yo‘nalishda hayotga tadbiq etilayotgan dasturlar yuzasidan taqdimot o‘tkazdi. Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu sohada o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishib oldi.
Izoh (0)