Gretsiyaning Krit oroli yaqinida 16-may kuni dengizda halokatga uchragan 42 nafar noqonuniy muhojir qutqarib qolindi. Bu haqda Anadolu nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, dengizda halokatga uchragan noqonuniy muhojirlar haqida dastlab Italiya qirg‘oq mudofaa kuchlari Gretsiya tomoniga maʼlum qilgan. Halokat hududiga tezkorlik bilan qutqaruv guruhlari jo‘natilgan.
Gretsiya mahalliy nashrlari jami 42 nafar fuqaro qutqarib olinganini bildirgan. Shuningdek, Krit oroli yaqinida bedarak yo‘qolgan 3 nafar muhojir qidirilayotgani maʼlum qilingan.
Manbalarga ko‘ra, muhojirlar qayig‘i Krit orolidan 30 kilometr shimoli-g‘arbda, Gretsiyaning materik qismidan 160 km janubda halokatga uchragan.
Qutqaruv operatsiyasi davomida dastlab hujjatsiz jami 39 nafar muhojir yaqin atrofdagi kema orqali qutqarib olinib, Krit oroliga olib ketilgan. Keyinroq yana uch nafar muhojir suvdan topilib, vertolyotda xavfsiz hududga yuborilgan.
Rasmiylar qutqarilganlarning ko‘pchiligi Kritdagi mahalliy aeroportga joylashtirilganini bildirgan. Yonida hujjati bo‘lmagan fuqarolarning shaxsi va qayerdan kelgani aniqlanayotgani xabar qilingan.
Izoh (0)