Meksikada rekord darajadagi jazirama tufayli bir hafta ichida kamida 27 kishi vafot etdi. Bu haqda El Universal nashri xabar berdi.
Anomal yuqori harorat oqibatida asosan San-Luis-Potosi shtatida o‘lim holatlari kuzatilgan. U yerda 15 kishi halok bo‘lgan, shifokorlar ularning barchasida issiqlik urishi alomatlarini aniqlagan.
Ta’kidlanishicha, aynan San-Luis-Potosida eng yuqori harorat kuzatilgan, Valles shahrida harorat 48 darajaga yetgan. Idalgo shtatida esa rasmiylar jazirama ta’siridan vafot etgan besh kishining o‘lim sabablarini o‘rganmoqda.
Oaxaka shtatining xuddi shu nomdagi shahrida mahalliy hokimiyat 40 darajagacha ko‘tarilgan yuqori harorat tufayli kamida ikki kishi halok bo‘lganini tasdiqlagan.
May oyi boshida Meksikada juda yuqori harorat kuzatildi. Poytaxt Mexiko shahrida bir necha tarixiy harorat rekordlari ketma-ket yangilangan. Issiqlik mamlakat elektr tarmog‘iga bosimni oshirib, butun mamlakat bo‘ylab elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.
Izoh (0)