Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi bog‘da 1500 ga yaqin daraxtlar yonib ketgani aytilmoqda. Bu haqda Telegram’dagi “Ekolog.uz” kanali yozdi.
Xabarda murojaatchi ushbu holat yuzasidan jinoiy va ma’muriy ish ochilmayotganidan norozi bo‘lib, tegishli tashkilotlardan e’tibor qaratishni so‘ragan.
Keyinroq Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Ohangaron tuman bo‘limi vaziyatni joyiga chiqib o‘rgangani ma’lum bo‘ldi. Unda murojaatda ta’kidlangan hudud Ohangaron tumani “O‘zbekiston” MFY hududidan oqib o‘tgan Ohangaron daryosi muhofaza mintaqasi ekani, hududda noma’lum shaxs tomonidan o‘t yoqib yuborilgani aniqlangan.
Hududdagi mavjud mevali va manzarali daraxtlar yonib ketishi oqibatida tabiatga zarar yetkazilgan. Bu bilan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari talablari buzilgan, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, holatga oydinlik kiritish maqsadida inspektorlar tomonidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev mart oyi boshida daraxtlarga shikast yetkazish, jumladan, noqonuniy kesish, ildizi bilan qo‘porish, shikastlash, yo‘q qilish yoki ko‘chirib o‘tkazish uchun jarima miqdorini 5 barobarga oshiruvchi qonunni imzolagandi. O‘zgartishlarga ko‘ra, daraxt, buta, boshqa o‘simlik va yosh nihollarga zarar yetkazganlik uchun fuqarolarga — BHMning 25−50 baravari (8,5-17 mln so‘m), mansabdor shaxslarga — 50−75 baravari (17-25,5 mln so‘m) miqdorida jarima tayinlanadi.
Izoh (0)