O‘zbekiston elchixonasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari vakillari bilan birgalikda Rossiya hududida qonuniy vakillari (ota-onalari) bo‘lmagan 17 nafar voyaga yetmagan bolani vatanga qaytardi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Bundan tashqari, elchixona tomonidan bolalarga vatanga qaytish uchun bepul sertifikatlar berilgan.
“O‘zbekistonga qaytarilgan barcha voyaga yetmagan bolalar yaqin qarindoshlariga yoki mamlakatimizdagi maxsus bolalar muassasalariga vasiylik qilish uchun topshiriladi”, — deyiladi xabarda.
Oldinroq Rossiya hududiga taqiq tufayli kirolmagan ayolning farzandlari O‘zbekistonga qaytarib olib kelingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Aniqlanishicha, ayolning eri o‘g‘lini urgani sababli bola politsiya tomonidan kasalxonaga joylashtirilgan. Fuqaro xorijda yashashga oid tegishli hujjatlar taqdim etsa, politsiya bolani onaga qaytarishini ma’lum qilgan, hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun Qozog‘iston hududiga o‘tganida esa ayol taqiq tufayli Rossiyaga qayta kira olmasdan O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Izoh (0)