Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchining qarindoshlari tomonidan kaltaklangani haqida xabar berilgandi. Viloyat IIB holatga izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat Farg‘ona viloyati IIB tomonidan o‘rganib chiqildi. 1-aprel kuni Toshloq tumani, “Sadda” MFYda joylashgan 25-sonli maktab o‘qituvchisi M.O. va fuqaro A.X. o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik sababli janjal kelib chiqqan. Janjal davomida A.X. M.O.ni qo‘li bilan urib, unga tan jarohati yetkazgan.
Hozirda M.O.ning olgan tan jarohatining og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Daryo” manbasiga ko‘ra, o‘qituvchi maktabning 9-sinf o‘quvchisi bilan qarama-qarshilikka borgan. Shundan so‘ng o‘quvchining qarindoshlari maktabga kelib, o‘qituvchi bilan ko‘rishmoqchiligini bildirgan va yuqoridagi holat ro‘y bergan.
Holat viloyat IIB tomonidan nazoratga olingan.
Izoh (0)