Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadi Surxondaryo viloyatidagi “Termiz” xalqaro aeroportiga olib kelindi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan, hukumat farmoyishi bilan favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari boshchiligida tashkil etilgan maxsus komissiya 4-aprel kuni Aqto‘be viloyatiga yetib borgan edi. Maxsus komissiya aʼzolari Qozog‘istonning masʼul idoralari rahbarlari bilan uchrashib, belgilangan tashkiliy va amaliy tadbirlarni hamkorlikda olib borgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston Mudofaa vazirligining maxsus bortida yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan fuqarolar Qozog‘istondan 5-aprel kuni soat 03:00 larda Surxondaryo viloyatidagi “Termiz” xalqaro aeroportiga olib kelingan.
Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 8 nafar vafot etgan fuqaroning jasadi yashash manzillariga yuborilgan. Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan dafn marosimlarini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevga Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan avtomobil halokatida vafot etganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga aytilgan chuqur hamdardlik uchun samimiy minnatdorlik bildirgan edi.
Izoh (0)