Qashqadaryoda qum xomashyosini noqonuniy qazib olayotgan shaxslar aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi, G‘uzor tuman bo‘limi tomonidan viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi hamda “Xavfsiz daryo” boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Tadbirlar davomida fuqaro R.Q. va boshqalar noqonuniy daromad orttirish maqsadida “Qashqadaryo” daryosining G‘uzor va Qarshi tumanlari hududidan oqib o‘tuvchi qismining muhofaza zonasi hisoblangan yer maydonlaridan maxsus texnikalari yordamida o‘zboshimchalik bilan 9,5 ming kub hajmdagi qum xomashyosini qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 948,6 million so‘m zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi (o‘zboshimchalik) moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan oldin Sangzor daryosi o‘zanida o‘tkazilgan ekologik nazorat reyd tadbirida uchuvchisiz uchish apparati (dron) orqali huquqbuzarlik aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, O‘zbekistonda ayrim daryolar o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan edi.
Izoh (0)