Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish holati aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Kasbi tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda N.L., M.M. ismli shaxslar va boshqalar Mirishkor tumani “Shodlik” MFY hududida “M.t.” MCHJga ijaraga berilgan yer maydonida 12,7 ming kub hajmdagi qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy ravishda qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 765,6 million so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi (o‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan oldin Sangzor daryosi o‘zanida o‘tkazilgan ekologik nazorat reyd tadbirida uchuvchisiz uchish apparati (dron) orqali huquqbuzarlik aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, O‘zbekistonda ayrim daryolar o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan edi.
Izoh (0)