Toshkentdagi “Mirobod dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati 2023-yilda 2 milliard so‘mdan ziyod sof foyda ko‘rdi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida keltirilgan ma’lumotlarda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, “Mirobod dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati buxgalteriya balans ko‘rsatkichlariga muvofiq, 2023-yil yakuni bo‘yicha 2 milliard 138 million sof foyda olgan.
Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, jamiyat 2024-yil 1-iyulga qadar 2023-yil yakunlari bo‘yicha o‘z sof foydasining 50 foizi miqdorida ajratmalar va davlat ulushi bo‘yicha dividendlarni hisoblab, 2024-yilning 1-sentyabridan kechiktirmay tegishli darajadagi byudjetlarga o‘tkazadi.
Jamiyatda 2023-yil yakuni bo‘yicha erishilgan natijalaridan kelib chiqib, jamiyat kuzatuv kengashi, boshqaruv organlari va xodimlarini 2023-yil yakuni bo‘yicha rag‘batlantirishga 554 million so‘m ajratiladi.
Shuningdek, bozorning zaxira jamg‘armasi to‘liq shakllantirilgani sababli pul mablag‘i ajratilmaydi. Qolgan 513 million so‘m sof foyda jamiyatning moddiy texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda Toshkentdagi dehqon bozorlari orasida eng ko‘p sof foydani ham xalq orasida “Gospitalniy” nomi bilan tanilgan “Mirobod dehqon bozori” olgandi — 1,7 milliard so‘m.
Izoh (0)