Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoning Sayxunobod tumanidagi videoselektor yig‘ilishida Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari va Sayxunobod hokimi nega ishdan olinganini aytdi.
Prezident joylardagi va respublika darajasidagi rahbarlar Sayxunoboddagi ahvolni yaxshilashga e’tibor qaratmagani, pastga tushib ishlamagani, faqat yig‘ilish o‘tkazish bilan cheklanganini tanqid qildi.
Qayd etilishicha, tumanda 2 ming 400 ta ishsiz bor, kambag‘allik darajasi — 14 foiz, mahalliy byudjet tushumi 27 milliard so‘m, xarajati 67 milliard so‘m.
“Bir so‘z bilan aytganda, Sayxunobodda tadbirkorlik o‘smayapti, Yangi O‘zbekiston nafasi sezilmayapti. Shu bois, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, Sayxunobod tumani hokimi va uning birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, o‘rniga zamonaviy rahbarlar qo‘yildi”, — dedi davlat rahbari.
11-mart kuni Rahimjon Boboyev viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasidan ozod etilib, uning o‘rniga Abdurahim Umarov tayinlangandi. Shu kuni Sayxunobod tumani hokimi Anvar Karimov o‘rniga “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Sirdaryo viloyati mintaqaviy filiali boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan Komiljon Mullajonov tayinlandi.
Izoh (0)