Komiljon Mullajonov Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tayinlovga qadar u “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Sirdaryo viloyati mintaqaviy filiali boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan.
Tumanga 2023-yilning noyabridan rahbarlik qilib kelgan avvalgi hokim Anvar Karimov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
Komiljon Mullajonov 1990-yilda Sayxunobod tumanida tug‘ilgan. 2012-yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2017-yil Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. U faoliyati davomida “O‘zsanoatqurilishbank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki bosh mutaxassisi, bo‘limi boshlig‘i, bankning Sirdaryo mintaqaviy filiali boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning yanvarida 16 ta tumanda 2023-yil davomida birorta ko‘p qavatli uy-joy qurilmagani, tuman hokimlari buni reja ham qilmaganini tanqid qilgandi. O‘shanda bosh vazirga bir qator tuman hokimlari, shu jumladan Sayxunobod tumani hokimining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni topshirgandi.
Izoh (0)