Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoda xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ishtirok etmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Davlat rahbari sessiyadagi nutqida Sirdaryoni sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, taʼlim va tibbiyot bo‘yicha “ilg‘or innovatsiyalar hududi”ga aylantirish zarurligini taʼkidladi.
“Innovatsion hududda hokim, viloyat, tuman rahbarlari aholi va tadbirkorlarga sharoit yaratish bo‘yicha har kuni yangilikka intilishi, dunyoqarashi va yondashuvlari o‘zgarishi kerak”, — dedi davlat rahbari.
Prezident viloyatni innovatsion hududga aylantirish uchun qaysi davlat tajribasini olib kelish bo‘yicha ko‘p o‘ylanganini taʼkidladi.
“Tan olish kerak, oxirgi yillarda Xitoy sanoat, qishloq xo‘jaligi, taʼlim va tibbiyotda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdi. Xitoyning ilm, innovatsiya, muhandislik, elektrotexnika, robototexnika va IT yo‘nalishlarida tajribasi katta. Eng asosiysi, Xitoy bizga transport-logistika jihatidan eng yaqin yirik bozorlardan biri.
Xitoylik investorlarning ham viloyatga qiziqishlari katta. Oxirgi olti yilda xitoylik investorlar bilan birga Shirin shahri, Mirzaobod va Sirdaryo tumanlarida 60 dan ortiq yirik sanoat korxonalari ish boshlagan. Viloyatga 2022-yilning o‘zida 250 million dollardan ziyod Xitoy investitsiyalari jalb qilingan. Bu viloyat investitsiyasining deyarli 90 foizi.
Shu bois, Sirdaryoda barcha sohalarni rivojlantirishda Xitoy tajribasiga tayanishimiz lozim”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh (0)