Turkiya o‘z chegaralari yaqinida aksilterror operatsiyasini o‘tkazish uchun ruxsat so‘ramasligini ma’lum qildi. Bu haqda Turkiya Milliy mudofaa vaziri Yashar Guler axborotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Turkiya armiyasi Iroq shimolida mamlakatda taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) jangarilariga qarshi keng ko‘lamli quruqlikdagi harbiy operatsiya o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Hurriyet nashrining avvalroq xabar berishicha, Bag‘dod ma’muriyati bilan mazkur masalada kelishuvga erishilgan.
Mamlakatimiz xavfsizligi haqida gap ketganda, biz hech kimdan hech narsa so‘ramaymiz va kerakli ishni qilamiz. Turkiya buyuk davlat ekanini hech kim unutmasligi kerak. Biz hech kimning buyrug‘iga bo‘ysunmaganmiz va bo‘ysunmaymiz ham, — deya ta’kidlagan Guler Hurriyet’ga bergan intervyusida.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on yozda Iroq bilan chegara xavfsizligi masalasini hal qilishni kutayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Suriyada 30-40 kilometr chuqurlikda xavfsizlik koridorini yaratish niyatida.
KIP bilan qurolli mojaro Turkiyada 1984-yilda boshlanib, 2015-yilda yangilangan. Iroq shimolida KIP bazalari mavjud bo‘lib, Turkiya armiyasi ularga qarshi havo va quruqlik amaliyotlarini o‘tkazmoqda.
Izoh (0)