Senegal prezidenti Maki Sall hukumatni tarqatib yubordi va yangi bosh vazir tayinladi. Bu haqda RTS xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 6-mart kuni Vazirlar kengashi yig‘ilishidan so‘ng hukumat tarqatib yuborilgan.
Senegal prezidenti Maki Sall chorshanba kuni hukumatini tarqatib yubordi va ichki ishlar vaziri Sidiki Kabuni mamlakatning yangi bosh vaziri etib tayinladi, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Senegal Konstitutsiyaviy sudi mamlakatda prezidentlik saylovlarini 2-apreldan kechiktirmay o‘tkazilishi kerakligi haqidagi qarori ma’lum bo‘lgandi. Bunga mamlakatning amaldagi rahbari Maki Sallning vakolat muddati tugayotgani sabab bo‘lmoqda. Shu tariqa, Senegalda prezidentlik saylovi kuni 24-mart yakshanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Dastlab, Senegalda prezidentlik saylovlari 2024-yilning 25-fevraliga belgilangan edi, biroq davlat rahbari 3-fevralda ularning nomaʼlum muddatga qoldirilganini maʼlum qildi. G‘arbiy Afrika davlati milliy ovoz berishni birinchi marta qoldirdi.
Senegalda saylovlar kechiktirilgani e’lon qilinganidan beri norozilik namoyishlari tinmagan. Mamlakatda umumiy internet bloklangan. G‘arbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Hamjamiyati (EKOVAS) Senegalda prezidentlik saylovlari qoldirilishidan xavotir bildirgan.
Izoh (0)