Jizzax viloyati Forish tumani hokimi o‘rinbosari 20 ming dollar pora olayotganida qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hokimiyat organi mansabdor xodimining noqonuniy harakati korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida DXX xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida fosh etildi.
U o‘zining mansab mavqeyidan foydalanib, 2025-yilning iyun oyida qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan MCHJ tomonidan auksion savdolari orqali yutib olingan 204 gektar sug‘oriladigan yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarmaslik va kelgusida ushbu yerdan erkin foydalanishida rahnamolik qilish uchun 30 ming dollar talab qilgan.
Shundan hozir 20 ming dollarni berishini, qolgan 10 ming dollarini esa hosil yig‘imidan so‘ng berishi kerakligini aytgan. Hokim o‘rinbosari so‘ralgan puldan 20 ming dollarni o‘zining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, juda ko‘p miqdorda firibgarlik uchun BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Juda ko‘p miqdorda pora bergan shaxs esa 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar shaxsga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda 30 sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.
Izoh (0)