Yevropa Ittifoqi, Norvegiya va Shveysariyaga boshpana so‘rab murojaat qilganlar soni 2016-yildan beri birinchi marta yana 1 milliondan oshdi. Murojaatchilarning aksariyati Suriya va Afg‘onistondan. Bu haqda EUAA xabar berdi.
2023-yilda Yevropa Ittifoqi davlatlariga, shuningdek, Shveysariya va Norvegiyaga boshpana so‘rab 1,14 millionta murojaatlar kelib tushgan. Mazkur ma’lumotlar 28-fevral kuni Yevropa Ittifoqining boshpana masalalari bo‘yicha agentligi (EUAA) tomonidan e’lon qilingan.
O‘tgan bir necha yildagidek, Suriya fuqarolari eng ko‘p – 181 mingta so‘rov yuborgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 38 foizga ko‘p. Afg‘onistonlik qochqinlar 114 mingta ariza bilan murojaat qilgan. 2023-yil oxirida himoya so‘rab murojaat qilgan falastinliklar soni ham oshgan.
O‘tgan yilga nisbatan boshpana so‘rab murojaat qilganlarning umumiy soni 18 foizga oshgan. Mutlaq raqamlarda eng ko‘p arizalar Germaniya (334 000), Fransiya (167 000), Ispaniya (162 000), Italiya (136 000) ga berilgan bo‘lib, arizalarning uchdan ikki ulushi to‘rtta davlatning o‘ziga to‘g‘ri kelgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida vaqtinchalik himoyalangan 4,4 million nafar ukrainalik qochqinlar ushbu statistikaga kiritilmagan.
Izoh (0)