Toshkentda avtobuslar bilan sodir bo‘layotgan texnik nosozliklar, tutash holatlari va yo‘l-transport hodisalari ko‘paygani ortidan 5 nafar masʼul xodim ishdan olindi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar berdi.
“Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari-bosh muhandis J.Mannopov, idoralararo tezkor shtab boshlig‘i B.Mamenov, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari boshchiligida, avtobus saroyi filiallari rahbarlari, bosh mexaniklar va masʼul xodimlar ishtirokida bunday hodisalarining kelib chiqish sabablari muhokamasiga bag‘ishlangan tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda avtobuslarning texnik holatiga masʼul bo‘lgan, ularning yo‘nalishga chiqish oldi texnik ko‘rigini talab darajasida bajarmay, o‘z xizmat vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan xodimlarga keskin chora ko‘rilib, 5 nafar masʼul xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Shuningdek, yuqorida sanab o‘tilgan favqulodda holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish, avtobuslarning texnik holatini birma-bir tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha 8 ta avtobus saroylari masʼul xodimlariga topshiriqlar berilib, xodimlarning masʼuliyati yanada kuchaytirildi.
Izoh (0)