Rossiya afg‘on fuqarolik faollari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan Qatardagi yig‘ilishga vakil yuborishdan bosh tortdi. Bunga “Tolibon” vakillarining talab va iltimosi sabab bo‘lgan. Bu haqda Tasnim News nashri xabar bergan.
BMT bosh kotibi mezbonlik qilgan Doha uchrashuvining ikkinchi kunidagi uchrashuvlar davom etayotgan bir paytda Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi Dohada afg‘on fuqarolik faollari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan yig‘inga vakil yubormasligini maʼlum qildi. Elchixona bildirishicha, vakil yubormaslikni Rossiya hukumatidan “Tolibon” so‘ragan.
“Tolibon” hukumatining talablaridan so‘ng Rossiya tomoni afg‘on faollari ishtirokida tashkil etilgan yig‘ilishda qatnashmaslikka qaror qildi”, — deyiladi elchixona rasmiy bayonotida.
Shuningdek, Rossiya elchixonasi bildirishicha, Afg‘onistondagi amaldagi boshqaruvchi kuch “Tolibon” vakillari BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish shafeligida bo‘lib o‘tadigan maxsus elchilar yig‘ilishi doirasida rejalashtirilgan tadbirlarning ahamiyatsiz qismiga taklif qilingan.
Qatar anjumanida bir mamlakatni ifoda etuvchi 2 va undan ortiq delegatsiyalarning bo‘lishi ehtimoli Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy boshchiligidagi delegatsiya tomonidan yig‘indagi ishtirok bekor qilinishiga olib kelgan edi. Rossiya elchixonasi Kobulning tutgan pozitsiyasini “asosli” va “oqilona” deb baholagan.
Doha uchrashuvi avvalida “Tolibon” unda ishtirok etish uchun ikkita shartini maʼlum qilgan. Unga ko‘ra, “Tolibon” uchrashuvda mamlakat nomidan qatnashuvchi yagona vakil bo‘lishi kerak. Shu bilan birgalikda, Guterrish bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara olib borilishi kerak.
Bu talablarning bajarilmasligi avvaliga “Tolibon”, keyinchalik esa Rossiyaning o‘yindan chiqishiga olib kelgani maʼlum qilingan.
Izoh (0)