Toshkent shahri va Andijon viloyatida haydovchilik guvohnomalarini olib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIV xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda A.T. ismli shaxs fuqarolar M.A. va T.A.ga 3,3 ming dollar evaziga go‘yoki IIBda ishlovchi tanishlari yordamida hech qanday o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan “B”, “C”, “D” toifali haydovchilik guvohnomalarini olib berishni vaʼda qilgani aniqlangan. U kelishilgan puldan 1 650 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Xonobod shahar bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “A.-G.” MCHJga qarashli avtomaktabning boshqaruv ustasi I.S. fuqaro F.M.ga tanishlari yordamida “B” toifadagi haydovchilik guvohnomasi olib berish evaziga 650 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Aprel oxirlarida Toshkent viloyatida soxta sertifikat evaziga haydovchilik guvohnomasi olgan fuqaroga sud hukmi o‘qilgandi. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2,5 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. May o‘rtalarida bo‘lsa, Farg‘onada 200 dollarga “prava” olib berishni va’da qilgan avtomaktab rahbari ushlangandi.
Izoh (0)