Ukraina mudofaa vaziri Rustam Umerov Rossiya bugungiday raketa hujumini takrorlashi uchun yetarli raketalar zaxirasiga egaligini aytdi. U bu haqda Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Umerov mamlakat hududiga qilingan raketa hujumiga izoh berib, uni butun urushdagi eng ommaviy hujum deb atadi.
“Ko‘p oylar davomida ruslar aynan shu maqsadda: turar-joy binolari, savdo markazlari, kasalxonalarga hujum qilish uchun raketalarni to‘pladi. Ukraina tinch shaharlariga zarba berish. Ruslar fuqarolarimizni o‘ldirdi va yarador qildi, infratuzilmani vayron qildi. Rossiya yana va yana butun dunyoga ukrainaliklarni genotsid qilishdan, terrordan, qotillikdan boshqa maqsadi yo‘qligini namoyish etmoqda. Bu jinoyatlarning har biri adolatli jazolanadi.
Ko‘rinib turibdiki, tajovuzkor davlatda mavjud bo‘lgan bunday raketa zaxiralari bilan ular bunday hujumlarni davom ettirishi mumkin va davom etadi”, — dedi Ukraina mudofaa vaziri.
O‘z navbatida, Umerov hamkor davlatlar hukumatlari bilan Ukrainani havo mudofaa tizimlari bilan ta’minlash bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini aytdi. Mudofaa vaziri Rossiya hujumini qaytargan Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlariga minnatdorlik bildirdi.
Izoh (0)