Abu-Dabi Nyu-York universiteti va BAA kosmik ilmiy markazi boshchiligidagi olimlar jamoasi Marsning yangi batafsil xaritasini yaratdi. Bu haqda Space.com xabar berdi.
Xarita Hope-Emirates Exploration Imager (EXI) tasvirni qayta ishlashning eng ilg‘or bort tizimi yordamida yaratilgan.
“Biz o‘z xaritamizni yangi va takomillashtirilgan Mars Atlasining bir qismi sifatida butun sayyoraga taqdim etishni rejalashtirmoqdamiz. U ingliz va arab tillarida nashr qilinadi. Umid qilamizki, bu qulaylik tadqiqotchilar va talabalar uchun Mars haqida ko‘proq ma’lumot olish va BAAdagi kosmik sektor taqdim etayotgan imkoniyatlarni namoyish etish uchun ajoyib vosita bo‘ladi”, — dedi guruh rahbari tadqiqotchi Dimitra Atri.
Xaritani yaratish uchun Atri va jamoa bir Mars yilidagi EXI’ning 3000 dan ortiq kuzatuvini oldi. Bu davr Yerdagi ikki yilga teng. Shundan so‘ng ular tasvirlarni birlashtirib, rangli kompozitsiyani yaratdi.
Xaritada qutb muzliklari, tog‘lar va uzoq vaqt davomida faol bo‘lmagan vulqonlar, taxminan 3,5 milliard yil avval suyuq suv bilan to‘lib toshgan qadimgi daryo, ko‘l va vodiy qoldig‘i ko‘rsatilgan. Xarita sayyorashunos olimlarga Marsning iqlimi milliardlab yillar davomida qanday o‘zgarganini yaxshiroq tushunishga yordam berishi mumkin.
Izoh (0)