Misr muftiysi Shayx Shavqiy Allom ilk bor O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Muftiy Buxoroda Mir Arab madrasasining 500 yilligiga bag‘ishlangan “Boqiy Buxoroning islom sivilizatsiyasidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumanda ishtirok etdi. Tadbirda Xalqaro musulmon ulamolari ittifoqi va Abu-Dabi tinchlik forumining obro‘li vakillari, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston muftiylari, mashhur olimlar, islom tadqiqotchilari va diniy soha vakillari, Mir Arab madrasasi bitiruvchilari ishtirok etgan anjumanni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Shayx Nuriddin Xoliqnazarov ochib berdi.
Tadbirda xorijiy mehmonlar, jumladan, Shayx Shavqiy Allom O‘zbekiston, xususan, Buxoroning buyuk olimlari qoldirgan boy ma’naviy meros haqida, mamlakatning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan va qo‘shayotgan hissasi xususida so‘z yuritdi.
Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi boshlig‘i muftiy Shayx Ravil G‘aynutdin Mir Arab madrasasi bitiruvchilari Rossiyada buxorolik muftiylar deb atalishi, ular islom ilmi markazlaridan biri tarbiyalanuvchisi sifatida o‘zgacha hurmat-e’tiborga sazovor ekanini ta’kidladi.
Mir Arab madrasasi bitiruvchisi, Kavkaz musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda o‘zbekcha ma’ruza qilib, O‘zbekiston o‘zi uchun ikkinchi vatan ekanini iftixor bilan qayd etdi.
Izoh (0)