Qadimgi dunyo tarixining eng mashhur ayollaridan biri bo‘lgan Kleopatra aslida kim? O‘zi haqida ko‘plab afsona va asotirlar bitilishiga sabab bo‘lgan Kleopatra eramizdan oldingi 69-yildan 30-yilga qadar yashagan bo‘lib, Qadimgi Misrning so‘nggi hukmdori hisoblanadi. Otasi Ptolemey XII dan keyin taxtga o‘tirgan malika hukmronlik yillarida mamlakat Rim istilosidan omon qolib, davlatchiligini mustahkamlashga erishdi. “100 buyuk inson” loyihasi doirasida o‘zining go‘zalligi va aql-zakovati bilan nom qozongan Kleopatra haqida hikoya qilamiz.
Ingichka lablar, katta burun va bug‘doyrang teri
“Unda tanasi va ayyorligidan boshqa ayollarga xos hech nima yo‘q edi. Tashqi ko‘rinishi, iqtidori, butun o‘zligini Kleopatra sovuq hisob-kitobga bo‘ysundirib, davlat yoki shaxsiy manfaatlari haqida o‘ylardi. U o‘ta xudbin va mustaqil edi”, — deya tarixchilar Misr malikasini ta’riflaydi.
Ko‘plab filmlarda Kleopatra o‘ta go‘zal ko‘rinishda tasvirlanadi, xuddiki u bilan uchrashgan erkaklar shu ondayoq aql-hushini yo‘qotadigandek. Aslida esa malika jozibador ayol bo‘lsada, sohibjamol emasdi. Zamondoshlari uni baland bo‘lmagan bo‘yli va to‘laroq jussaga ega deya tasvirlaydi. Shu bilan birga Kleopatra bug‘doyrang teriga ega bo‘lib, lablari ham ingichka va burni kattaroq edi.
Tarixchi Plutarx “bu ayolning go‘zalligi bir qarashda hayratga soladigan va tengsiz deb hisoblangan darajada emasdi”, deb yozgan. “Uning har bir so‘zida, har bir harakatida namoyon bo‘ladigan ulkan jozibasi qalblar qariga singib ketardi. Ovozi eshitgan quloqqa xush yoqar va xuddi erkalagandek bo‘lardi”, — degan tarixchi.
Hozirga qadar Kleopatraning yosh ko‘rinishi haqida afsonalar mavjud. Kleopatra “Sharqning eng buyuk kosmetolog”laridan hisoblanadi, shu boisdan uning obrazi yaxshi sotiladi. Bugungi kunda “shu ishni Kleopatra ham qilib ko‘rgan” degan gaplar orqali turli vositalarni targ‘ib qilish urfga kirgan. Ta’kidlanishicha, u sut va asal qo‘shilgan vannada cho‘milgan, natijada terisining jozibadorligi ortgan.
Shu narsa ma’lumki, malika qimmatbaho toshlar bilan bezangan holda yurgan, xizmatkorlar Kleopatraning ko‘z, tirnoqlari, kaft va tovonlarini xina bilan bo‘yagan, labiga o‘ziga xos o‘simlik balzamini surtgan va parik kiygizgan. Kleopatra zumradni juda yaxshi ko‘rgan. Atrofidagi biror kimni taqdirlamoqchi bo‘lsa u o‘z portreti tushirilgan aynan shu toshni sovg‘a qilgan.
Aleksandr Makedonskiydan sovg‘a
Malika o‘z davrining eng ziyoli ayollaridan biri hisoblanadi. Uning adabiyot, san’at, siyosat, falsafa borasidagi bilimlari suhbatdoshlarini hayratga solib kelgan. Ajoyib nafislik ega bo‘lgan ayol ud va arfa chalar, qo‘shiq kuylar va raqsga tushardi.
Bundan tashqari, Kleopatra yettita tilni bilgan, shuning uchun ham xorijliklar bilan muloqotda tarjimonlar xizmatidan deyarli foydalanmagan.
Misr malikasi mamlakatga oldingi qudratini qaytarish uchun ancha ter to‘kadi. Oson bo‘lmagan davrda u Rim imperiyasidan mustaqilligini qaytarib olishga erishadi. Yuqorida aytganimizdek, Kleopatraning ajdodlari greklarga borib taqaladi. Aleksandr Makedonskiy uning ajdodlariga Misrdan yer sovg‘a qilgan va ular shu yerga kelib o‘rnashgan.
Misrning bo‘lajak malikasini birinchi turmush o‘rtog‘i 13 yoshli ukasi Ptolemey Dionis edi. Otasi aynan unga va 16 yoshli Kleopatraga taxtni meros qilib qoldiradi. Aytishlaricha, ayol o‘z istaklarini qondirish uchun yosh va kelishgan erkaklar yashagan katta haram qurgan. U davrlarda bu uyatli narsa hisoblanmagan.
Kleopatra va uning ukasi shod-hurramlikda mamlakatni boshqarishi mumkindek edi, ammo Ptolemeyning ustozi Pofin boshchiligida malikaga qarshi fitna boshlanadi. U o‘z shogirdi bilan Misrning haqiqiy hukmdoriga aylanishni orzu qilardi. Natijada mamlakat poytaxti Iskandariyada isyon boshlanadi. Kleopatraning hayotiga jiddiy xavf yuzaga keladi, shu sababdan u bir necha joriyalari bilan saroydan qochib ketishga majbur bo‘ladi.
Keldi, ko‘rdi, g‘alaba qozondi
Misrdagi vaziyatdan xabar topgan Sezar unga aralashishga, yo‘l-yo‘lakay esa misrliklarda qarzlarini to‘plab ketishga qaror qiladi. Rim imperatori bilan uchrashuvga faqat Ptolemey keladi va opasi ustidan shikoyat qilishga tushadi. Kleopatraning yo‘qligidan hayratga tushgan Sezar uni olib kelish uchun chopar yuboradi.
Kleopatra Rim imperatori bilan uchrashishi kerakligini tushunib turardi, biroq Iskandariyaga qanday kirishni bilmasdi, olamon uni shu ondayoq burdalab tashlashga tayyor edi. Shunda malika sheriklari bilan poytaxtga qayiqda suzib boradi. U qop ichiga yashirinadi, sherigi esa o‘zini baliqchi sifatida tanishtirib, saroyga kirib oladi.
Bunday ayyorligi va yarim yalang‘och tanasidan hayratga tushgan Sezar Kleopatraga oshiq bo‘lib qoladi. Guvohlarning keyinchalik aytishicha, 52 yoshli Rim imperatori va 20 yoshli Misr malikasining ilk uchrashuvi erta tongga qadar davom etgan.
Kleopatraning ukasi va uning ustozi qo‘rqqan voqea sodir bo‘ldi — Rim imperatori ayol uchun barcha narsaga tayyor insonga aylandi. Natijada Ptolemey Nilga o‘zini cho‘ktiradi, Pofin esa qochib ketadi. Iskandariyada tinchlik hukm sura boshlaydi. Misrliklarning g‘azabini qo‘zg‘amaslik uchun Sezar Kleopatrani ikkinchi ukasi Neoterosga uzatadi, ammo nikoh faqat rasmiyatchilik uchun kerak edi, ayol Sezarning ma’shuqasi aylanib, Misrni boshqarishni davom etadi.
Minnatdorchilik sifatida malika Rim imperatori uchun Nil bo‘ylab sayohat uyushtiradi. Ikki oy davomida sevishganlar o‘nlab qayiqlar hamrohlik qilgan hashamatli kemada birga suzadi. Imperator Rimga qaytganidan ko‘p o‘tmay, Kleopatra o‘g‘il ko‘radi. U farzandi va turmush o‘rtog‘i bilan ko‘plab mulozimlari hamrohligida Sezar oldiga kelganida malikani tantanali qabul qilishadi: oltin aravalar korteji, qo‘lga o‘rgatilgan gepard va jayronlarni olib o‘tgan minglab qullar. Misr malikasining o‘zi mushakdor qullar ko‘targan oltin taxtdan o‘rin oladi.
Sezarning ma’shuqalari ko‘p edi, ammo ularning hech biri bunchalik ehtiromga loyiq ko‘rilmagan. Rimdagilar Kleopatrani “iskandariyalik o‘ynash” deya hushlamaydi. Venera ibodatxonasida imperatorning sevgilisi Kleopatrani oltin haykali o‘rnatilganida xalq darg‘azab bo‘ladi.
Misr malikasi o‘g‘li bilan Tibr qirg‘og‘idagi imperator villasiga joylashgandi. Sezar butun bo‘sh vaqtini u bilan o‘tkazardi. Kleopatra bo‘lsa ushbu qarorgohdan chiqmagan holda deyarli bir yil Rimda yashaydi. Shaharda Sezar Misr malikasining o‘g‘lini o‘ziga valiahd etib tayinlamoqchi ekani haqida mish-mishlar tarqala boshlaydi. Rim imperatoriga qarshi uning o‘limiga sabab bo‘lgan fitna boshlanadi.
Halokatga eltuvchi ayol
Sezarning o‘limidan sarosimaga tushgan Kleopatra shahardan qochadi. Iskandariyada esa oradan bir yil o‘tgach turmush o‘rtog‘i ham vafot etadi. Uning o‘limida malikani gumon qilishgan, ammo aybini isbotlab bera olishmaydi. Ayol Misrning yakka hukmdoriga aylanadi. U to‘rt yoshli Sezarionni o‘ziga merosxo‘r sifatida e’lon qiladi.
Kleopatra qo‘mondon Mark Antoniyni yo‘ldan ura olsagina Misr malikasiligicha qolishi mumkinligini yaxshi tushunardi. U Rim sarkardasining ko‘nglini zabt etishga qaror qiladi. Uni qimmatbaho yog‘ochdan yasalgan alvon yelkanli maxsus kemaga taklif etishadi. Atrof butkul hashamatga burkangan edi. Kemaning asosiy bezagi esa Kleopatraning o‘zi bo‘ladi. Ayolni ko‘rgani zamon sarkarda es-hushidan ayriladi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Kleopatra o‘zini Sezar bilan muloqotdan o‘zgacha tutgan. Rim imperatori qarshisida u doim oqila, jozibador, san’at, adabiyot va siyosat ixlosmandi sifatida namoyon bo‘lgan bo‘lsa, Antoniy oldida o‘zini suyuq ayoldek tutgan: qo‘pol so‘zlarni gapirgan, ko‘p ichgan, shahvoniy qo‘shiqlarni kuylagan. To‘pori rimlikka esa bu yoqib tushgan.
Kleopatra Mark Antoniyni rom etish uchun barcha vositalarini ishga soladi. Unga oshiq bo‘lib qolgan erkak ayolning barcha aytganlarni so‘zsiz muhayyo qilardi. Eng muhimi Rim Sezarionni Misr taxtining qonuniy vorisi deya tan olganida edi.
Juftlikdan uch nafar farzand dunyoga keladi. Mark Antoniy vaqti-vaqti bilan Rimga, qonuniy rafiqasi Oktavianing yoniga kelib turardi. Ammo kichik bir g‘alabasini u Rimda emas, Iskandariyada nishonlashga qaror qiladi. Vatanidagilar buni o‘z xalqiga nisbatan haqorat deya qabul qiladi. Ammo sevgidan ko‘zi ko‘r jangchi faqat sevgilisini o‘ylardi.
Mark Antoniy Misr hukmdoriga aylana boshlaydi va u Rimdagi rafiqasi bilan ajrashishga qaror qiladi. Bundan g‘azab otiga mingan Antoniyning rafiqasini akasi Oktavin Misrga urush ochadi. Mark Antoniy va Kleopatraning armiyasi son jihatdan rimliklardan ortiq edi, shu sababdan juftlik hushyorlikni yo‘qotadi — rimliklar mutlaq g‘alabaga erishadi.
Mark Antoniy mag‘lubiyatiga misrlik o‘ynashini aybdor deb hisoblaydi. U ayol bilan uchrashuvlardan qocha boshlaydi. Kleopatra aynan o‘shanda o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylay boshlagani aytiladi. U dengiz bo‘yiga qimmatbaho taqinchoqlari bilan yoqib yuborishlari mumkin bo‘lgan daxma qurishlarini buyuradi.
O‘z jonidan xavotirda bo‘lgan ayol Mark Antoniydan yashirin ravishda Oktavianga sovg‘a-salomlar yo‘llaydi. Kleopatra uni ham o‘ziga rom eta olisha ishonardi. Ikki nafar ishonchli quli bilan saroydan yashirin ravishda chiqqan ayol sobiq sevgilisiga uning o‘lgani haqida xabarni yetkazishlarini buyuradi. Kleopatraning o‘limidan xabar topgan Rim sarkardasi qilichiga yopishadi.
Bundan xabar topgan Misr malikasi tushkunlikka tushadi. Endi u Mark Antoniyni tirik yoki o‘lik holda ham ko‘rishni istaydi. Bu vaqtda Rim sarkardasi ko‘p qon yo‘qotgan bo‘lsada hali tirik etdi. Kleopatra bilan uchrashuv unga bir necha soniyaga kuch bag‘ishlaydi va tez orada sevgilisining qo‘llarida jon beradi.
Malika g‘olib tomon bilan murosaga kelish maqsadida saroyga qaytadi. O‘z jozibasiga ishongan ayol bu safar yengiladi. Ayollarga suyagi yo‘qligi bilan tanilgan Oktavian 37 yoshli Kleopatrani ko‘rganida hayratga tushmaydi. Bundan tashqari, Kleopatra uni xuddi qullardek zanjirband olib ketishmoqchi ekanliklaridan xabar topadi. Shunda u ham o‘z joniga qasd qilish qaroriga keladi.
Sirlarga to‘la o‘lim
Shu kuni Kleopatra g‘olib tomon uchun bazm uyushtiradi. Tantana vaqtida ayol o‘z yotog‘iga kirib ketadi. Shundan keyingi voqealar haqida turli versiyalar mavjud. Ulardan biriga ko‘ra, sobiq malika ingichka barmoqlari bilan soch turmagini ushlab turgan oltin to‘nog‘ichdan zaharni olib, ichgan.
Boshqa versiyaga ko‘ra, xizmatkori ayolga anjir solingan savarda zaharli ilonni olib kelgan. Kleopatra to‘nog‘ichni ilonga sanchgan, u esa o‘z navbatida ayolni chaqqan. U vaqtda Misrda bunday o‘lim topish jasurlik hisoblangan.
Oradan ko‘p o‘tmay Oktavianning xizmatkorlari Misr malikasining jonsiz tanasiga duch keladi. Kleopatra Misrning so‘nggi malikasi bo‘lib qoldi. Uning o‘limi mamlakatdagi buyuk sulolaning qulashi bilan yakunlandi. Qachonlardan qudratli bo‘lgan imperiya Rim koloniyasiga aylanadi. Oktavian Misr malikasini Mark Antoniy bilan birga katta hurmat bilan dafn etishni buyuradi.
Izoh (0)