Irlandiya poytaxti Dublin markazida Jazoir fuqarosi ekani aytilayotgan erkak pichoq bilan o‘tkinchilarga hujum qilganidan keyin shaharda tartibsizliklar boshlandi.
Hujumda besh kishi, jumladan, ona va uning uch farzandiga jarohat yetgan. Ayol va uning besh yoshli qizi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgani aytilmoqda. Hujumchi o‘tkinchilar tomonidan qo‘lga olingan. Erkakning o‘zi ham yarador qilingani sabab, unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Politsiya hodisani terakt deb hisoblamayapti, biroq jinoyat sabablari noma’lum. Xususan, politsiya vakili sodir bo‘lgan voqea yuzasidan jamoatchilikning xavotirini tushunishini, biroq buni shahar yoki mamlakatdagi muammolar bilan bog‘liq bo‘lmagan yakka tartibdagi hodisa deb hisoblashini aytdi.
Gript nashri manbalariga tayanib xabar berishicha, hujum qilgan shaxs — Jazoir fuqarosi. Uning kelib chiqishi haqida norasmiy ma’lumotlar e’lon qilinganidan keyin ko‘chalarda tartibsizliklar boshlandi. Olomon muhojirlarga qarshi shiorlar aytishdi. Bir qancha hududlarda namoyishchilar politsiya mashinalari, tramvay va avtobusga o‘t qo‘ydi, do‘konlar talon-toroj qilindi, oynalari sindirildi. Jinoyat sodir bo‘lgan joy yaqinida politsiya kordoniga hujum qilindi, politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Ichki ishlar vazirligi qo‘shimcha kuchlarni chaqirdi.
Shu bilan birga, politsiya jinoyatchining millati haqidagi ma’lumotni izohlashdan bosh tortdi va tartibsizliklarni “o‘ta o‘ngchi mafkura tomonidan boshqariladigan bezorilar guruhining ishi” deb atadi.
Izoh (0)