Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev “Kun.uz”ga bergan intervyusida darsliklardagi xatolar bo‘yicha ham savollarga javob berib o‘tdi.
Jumladan, 4-sinf uchun tayyorlangan savodxonlik mashq daftarida Xorazmda 13-14-asrlarda Pahlavon Mahmud haqida blinalar kuylangani yoki Ko‘kaldosh madrasasi Registonda, Ichanqal’a esa Buxoroda ekani yozilgan. Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, bu xatolar texnik xatolar sirasiga kiradi.
“Biz darslikni bir nechta tillarda yaratamiz. Bir tilda darslik chiqarish oson tuyulishi mumkin, lekin uni yana 6 tilda shakllantirish o‘ta og‘ir. Dizayner bitta tilda ishlaydigan odam. U faqat matnlarni qo‘yib chiqadi. To‘g‘ri, keyin muharrir o‘qiydi, musahhih o‘qiydi. Lekin eng og‘ir jarayonlardan biri shu. Bu jarayonlarda afsuski, kichik yoki katta xatolar o‘tishi ehtimoli mavjud. Darslikni yaratish jarayonida vazirlik xodimlari turmaydi. Uni o‘zini muallifi, muharriri, dizayneri bor. Xato o‘tishi mumkin, bundan hech kim kafolatlanmagan.
Bugun yana bir xatoni ko‘rdim. Bir topishmoq berilgan, javobini yozish uchun katakchalar chizilgan. Rus tilida topishmoq javobini yozsangiz, katakchalar to‘g‘ri qo‘yilganini ko‘rish mumkin. Ammo o‘zbek tilida esa bitta katak yetmayapti. Bundan shunaqa xulosa qilish mumkinki, muharrir matnni o‘qigan, tekshirgan, ammo katakchalar soniga ahamiyat qaratmagan.
Oldingi darsliklarda ham bunaqa xatolar bo‘lgan. Xato borligi fakt. Bunga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bunday xatolar darsliklarning keyingi nashrlarida to‘g‘rilanadi. Ayniqsa, yuqorida aytilgan xatoliklar mashq daftarlarida ekanligini inobatga olsak, bular keyingi o‘quv yilini o‘zida bartaraf etiladi”, — dedi Usmon Sharifxo‘jayev.
Izoh (0)