Burkina-Fasoning “Zaongo” qishlog‘iga uyushtirilgan hujumda aksari bolalar va qariyalardan iborat kamida 70 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy prokuraturaga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi.
Qayd etilishicha, fojia 5-noyabr kuni yuz bergan. Mamlakat shimolidagi qishloqqa hujumni aynan kim amalga oshirgani hozirga qadar noma’lum. Yevropa Ittifoqi va AQSH rasmiylari Burkina-Faso hukumatini hujumning to‘liq holatlariga oydinlik kiritish uchun tergov o‘tkazishga chaqirgan. Mahalliy aholiga ko‘ra, hujum mintaqada “xavfsizlik kuchlari va terrorchilar o‘rtasidagi janglardan ikki kun o‘tib” sodir bo‘lgan.
Burkina-Faso — dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri bo‘lib, o‘tgan yili ikki marta harbiy to‘ntarish sodir etilgan. 2015-yilda qo‘shni Malidagi qo‘zg‘olon Burkina-Fasoga tarqalgan va o‘shandan beri G‘arbiy Afrika davlatida turli guruhlarning muntazam qurolli hujumlari kuzatilmoqda.
Avvalroq Niger harbiylari prezident Bazumni “davlatga xiyonat” uchun sud qilishga va’da bergani, 2022-yil dekabrda Burkina-Faso sharqida jangarilar tomonidan uyushtirilgan pistirmada kamida 15 nafar askar halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)