Abdulla Solihiy ismli Afg‘oniston fuqarosi mustaqil ravishda Rossiyanikiga o‘xshash harbiy vertolyot yasadi. Bu haqda “Daryo”ning Afg‘onistondagi muxbiri xabar berdi.
Qayd etilishicha, 35 yoshli Abdulla Solihiy uch yil ichida ushbu vertolyotni yasashga muvaffaq bo‘lgan va hozirda uning 50 foizi tayyor. Kapisa viloyatida yashovchi erkakning aytishicha, u mazkur vertolyotni yasashni ko‘p yillar davomida o‘ylab yurgan va uch yil ichida uni hozirgi ko‘rinishga keltirgan.
Oshpazlik va qurilish bilan shug‘ullangan Abdulla Solihiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya havo kemasiga o‘xshash ushbu vertolyotni tayyorlash uchun qariyb 5,5 ming dollar sarflagan.
Solihiy bolaligidan vertolyotga qiziqqanini, Afg‘oniston qashshoq davlat bo‘lsa-da, boshqa mamlakatlar bilan raqobatlashishni orzu qilganini aytib o‘tdi.
Ta’kidlash kerakki, yaqinda Afg‘onistonda Qatardagi ko‘rgazmaga namoyish etilgan sport avtomobili ishlab chiqarilgan edi.
Izoh (0)