Rossiya va Liviya rasmiylari Afrika davlati hududida Rossiya harbiy bazasini qurish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Anonim manbalarga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va mamlakat sharqini nazorat qilayotgan Liviya milliy armiyasi bosh qo‘mondoni Xalifa Xaftar o‘rtasidagi harbiy kelishuv ularning 2023-yil sentyabr oyi oxirida Moskvadagi uchrashuvidan ko‘p o‘tmay boshlangan.
Ushbu kelishuvning bir qismi sifatida Rossiya o‘z harbiy kemalarini, ehtimol, O‘rta Yer dengizi sohilidagi Tobruk portida doimiy ravishda joylashtirish huquqini olishi mumkin. Shuningdek, Rossiya hozirda “Vagner” qiruvchi samolyotlari joylashgan bir nechta havo bazalariga egalik qilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Liviya Rossiya ta’minlay oladigan havo hujumidan mudofaa tizimlariga muhtoj. Bundan tashqari, rus harbiylari Xaftarga uchuvchilar va maxsus askarlarni tayyorlashda yordam berishi mumkin.
Rossiya Liviya portidan harbiy maqsadlarda foydalanishi uchun port infratuzilmasini modernizatsiya qilish zarur.
AQSHning Liviya bo‘yicha sobiq maxsus vakili Jonatan Vayner amerikalik rasmiylar Liviyada Rossiya harbiy ishtirokini kengaytirish mavzusiga “juda jiddiy” qarashini ta’kidladi.
“Rossiyani O‘rta Yer dengizidan uzoqda ushlab turish asosiy strategik maqsad edi — agar Rossiya u yerda portlarga ega chiqsa, bu unga butun Yevropa Ittifoqiga josuslik qilish imkoniyatini beradi”, — dedi Vayner.
Izoh (0)