Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi muruvvat uyida himoyaga muhtoj bolalarga xodim kuch ishlatgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi munosabati e’lon qilindi.
Aniqlanishicha, ushbu holat 2023-yilning 24-iyulida soat 12:05 larda, Qo‘rg‘ontepa “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyining 6-guruhida sodir bo‘lgan. Hozirda holatga qonuniy baho berish bo‘yicha Agentlikning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, Qo‘rg‘ontepa tumani prokuraturasi bilan hamkorlikda surishtiruv olib borilmoqda.
“Ushbu holat bo‘yicha kerakli choralar ko‘rilmoqda. O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Toshkent viloyatining Chinoz tumanida joylashgan Respublika qizlar o‘quv-tarbiya muassasasida kompleks o‘rganish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilingandi.
Izoh (0)