Har seshanba soat 07:30 da Sony Corporation direktorlar kengashi raisi tennis kortida paydo bo‘lardi. Ushbu odat 30 yil o‘zgarishsiz davom etdi. Bunday kuchli iroda va intizomga ega inson yarim asrdan ortiq vaqt trendlar yaratib, dunyodagi eng yaxshi gadjetlarni yaratgani ajablanarli emas. Kompaniya Walkman pleyerini, tranzistor televizor, rangli kassetali videomagnitofon, disketlar va videokameralar yaratdi. Akio Morita barchani “Yaponiyada ishlab chiqarilgan” jumlasi eng yaxshi sifat kafolati bo‘lishiga ishontirdi. “100 buyuk inson” doirasida oilaviy an’analarni buzgan ushbu shaxs haqida hikoya qilamiz.
Yomon merosxo‘r
Akio Morita Nagoyada, 15 avlod davomida sake tayyorlash bilan shug‘ullangan oilada 1921-yilning 26-yanvarida dunyoga keladi. Sake tayyorlash san’ati sakedzukuri deyiladi. Uning retsept sirlari avloddan avlodga o‘tib keladi. Akio oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgani sabab unga katta umid bildirishgan va yoshligidan Yaponiyada alohida ehtiromga ega ichimlikning sirlarini o‘rgatishgan. Qator ma’lumotlarga ko‘ra, Morita oilasi XVI asrdan buyon yapon imperatorlik saroyi va Tokugava syogunatiga sake yetkazib beruvchi hisoblanadi.
Tabiiyki, Sony kompaniyasining bo‘lajak asoschisining yoshligi to‘qchilikda o‘tadi. Akio mamlakatdagi eng yirik shaharlardan birining markazida yashar, hovlisida hatto tennis korti ham bor edi. Ta’kidlash kerakki, sake ishlab chiqaruvchilarning aksariyati parallel ravishda sudxo‘r hisoblanardi, bu esa ularni Yaponiyadagi eng badavlat odamlar qatoriga kiritgan.
Oilasining sa’y-harakatlariga qaramay, Akio alkogol ishlab chiqarish sirlarini o‘rganishdan ko‘ra ko‘proq elektronikaga qiziqish bildira boshlaydi. U yoshligidan ovozni elektron yozib olishga juda qiziqqan. Biznesmen biografiyalaridan birida u magnitofon ixtiro qilingani haqidagi maqoladan hayratga tushgani haqidagi xotirasi bilan bo‘lishadi: “Bu yangilikdan juda hayratda edim”.
Yangiliklarga o‘ch yigitning qiziquvchanligi uning maktabdagi muvaffaqiyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatardi. Uy vazifalarini tayyorlash o‘rniga Akio fizika va elektron qurilmalar xususiyatini o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Yoshligida deyarli butun bo‘sh vaqtini “Ommabop mexanika” jurnalini, shuningdek, ilm-fan va texnika bilan bog‘liq boshqa adabiyotlarni o‘qishga sarflaydi.
Yuqorida qayd etilganidek, Akio bolaligidan boshqaruvchanlik tajribasini oladi. Otasi uni 10 yoshidan kompaniya direktorlar kengashi yig‘ilishlariga olib borardi. Tajribali biznesmenga aylangandan keyin Akio yoshligida olgan ko‘nikmalari juda asqatganini eslaydi.
Ikkichilikdan harbiy fizikaga
O‘rta maktabning oxirgi sinflariga borib Akioning qiziqishlari darslarni o‘zlashtirishda bo‘lgan ko‘rsatkichlarini jadvalda pastga tushirib yuboradi. O‘qishda muammolar yosh tadqiqotchining akademik fiaskoga aylanishi mumkin edi. Ayniqsa, u endi-endi ta’limning ahamiyatini tushunib, Nagoyadagi 8-o‘rta maktabning ilmiy bo‘limiga o‘qishga kirishni rejalashtira boshlagandi (u vaqtda mazkur ta’lim muassasasi Yaponiyadagi eng yaxshi o‘rta maktablardan biri hisoblangan).
Qattiq harakat qilgan Akio o‘zlashtirishda sinfdoshlariga yetib oladi va maqsadiga erishadi. Maktabni tamomlagach, Osakadagi Imperatorlik kollejiga kiradi va uni tugatganidan keyin diplomi bor fizikka aylanadi.
Oilasining yaxshi moliyaviy ahvoli sabab yosh yapon urushni hech qanday qiyinchiliklarsiz boshdan o‘tkazadi. Urush yillari ko‘plab yapon olimlari kabi u ham safarbarlikka jalb etiladi va Imperatorlik flotida ofitserlik unvonini oladi. Bu vaqt davomida Akio ilmiy-tadqiqot qo‘mitasida ishlaydi va dengiz hamda aviatsiya apparaturalarining yaratilishida ishtirok etadi.
Shunday davrda u injener va texnik daho Masaru Ibuka bilan tanishadi. Hamkasbining ulkan imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay olgan Morita urushdan keyin elektron qurilmalarni ishlab chiqarish bo‘yicha yapon kompaniyasiga asos solish haqida tinmay o‘ylay boshlaydi. Qiziq jihati, Masaru u paytlar ehtiyoj yuqori bo‘lgan radio ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish orqali pul ishlashni istagan.
Ikkinchi jahon urushi tugashi bilan Morita shaxsiy biznesini yaratish haqida jiddiy bosh qotiradi. U oilaviy korxona boshqaruvida o‘zini topa olmasligini yaxshi his qilardi. 1945-yilda Morita Tokioda fizikadan dars beradi, shuningdek, ma’lum bir vaqt optik laboratoriyada ishlaydi. Oylikning kamligi va ijtimoiy sharoitning pastligi to‘q hayotga o‘rgangan injenerni tashvishga soladi — natijada u harakatga tushib qoladi.
Yapon piyonistalari to‘lagan omadsiz startaplar
1946-yil 7-may kuni Morita va Ibuka Tokio telekommunikatsiya texnika kompaniyasiga (“Totsuko” yoki TTK) asos soladi. Kompaniyaning boshlang‘ich kapitali 500 dollarni tashkil etardi (hozirgi inflyatsiya bo‘yicha 6,5 ming dollar). Ibuka olim va muhandislardan kichik jamoa tuzib, yangi texnikani yaratishga kirishadi.
Ishlab chiqarish bazasi deyarli yo‘q edi. Jamoa boshlagan birinchi startap guruch tayyorlashga mo‘ljallangan qurilma edi. Undan 100 dona ishlab chiqariladi. Sotuv esa — nol. Urushdan tinkasi qurigan yaponlar ovqat tayyorlashning avtomatlashtirilishini muhim deya hisoblamay, an’anaviy usullarni ma’qul ko‘rardi. Bozor bee’tibor qoldirgan hali ko‘plab mahsulotlar ishlab chiqariladi va bularning barchasi kompaniya muassislarini o‘zgarishlar haqida jiddiy o‘ylashga undaydi.
Moritaning tan olishicha, birinchi bosqichdagi muvaffaqiyatsizlikka marketing va savdolarni tashkillashtirish sabab bo‘lgan. Ular bozor nimani xohlashi haqida umuman tasavvurga ega bo‘lmagan va mahsulotni qanday to‘g‘ri taqdim etishni bilmagan, Ikkinchi jahon urushidagi mag‘lubiyat esa vaziyatni yanada yomonlashtirgandi.
Aynan Morita yosh kompaniyaning asosiy muammolarini o‘rganadi va bozor bilan jiddiy shug‘ullanishni boshlaydi. Vaqt o‘tishi bilan u tadqiqot ishlari va loyihalashtirishni to‘xtatib, bozor uchun zarur bo‘lgan yangi texnik konsepsiyalarni ishlab chiqishga e’tiborini qaratadi.
Kompaniya rivojlanib ketgunga qadar faqat zarar keltirardi. Bunday vaziyatda jiddiy investitsiya qo‘llab-quvvatlovi talab etilardi. An’analarga zid ravishda oilaviy biznesni rad etgan Morita otasidan muntazam ravishda moliyaviy yordam olib turardi. Tajribali sakedzukuri va yaxshi biznesmen sifatida ota o‘g‘lining kompaniyasini istiqboli borligini sezardi. Aytish mumkinki, 1940-yillarda Tokio telekommunikatsiya texnika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yangi mahsulotlar alkogol sotishdan tushgan daromadlar hisobidan qoplangan.
Birinchi muvaffaqiyat
1940-yillar oxiriga kelib Moritada yoshligida orzu qilgan matohi — magnitofonni sotib olish imkoniyati paydo bo‘ladi. U AQSHning simli tashuvchiga ega ishlatilgan qurilmasini xarid qiladi. Jamoa ijtimoiy ehtiyojlar uchun uning muqobilini yaratish ustida tajribalar boshlaydi. U paytlar magnitofonlar — bu texnik imkoniyatlar cho‘qqisi edi, ayniqsa, maishiy elektronika bilan faqat Konosuke Matsusita kompaniyasi shug‘ullangan Yaponiyada.
Yaxshilab o‘rganishlardan so‘ng, tadqiqotchilar jamoasi simli tashuvchi juda noqulay va foydalanish uchun lenta kerak degan xulosani beradi. Oylab davom etgan tajribalar o‘z mevasini beradi. Ko‘plab omadsiz urinishlardan keyin optimal yechim topiladi — zaruriy xususiyatlarga ega polimer material.
1949-yilda “Totsuko” kompaniyasi dunyoda ilk bor lentali magnitofonni — Type G’ni taqdim etadi. Narxi 17 ming iyena bo‘lishiga qaramay, tovar bir zumda mashhurlikka erishadi. Diktofondan foydalanish katta ehtiyoj tug‘diradigan kompaniyalar va davlat muassasalari mijozga aylanadi. Bundan tashqari, yapon magnitofoni Amerikanikidan qulay va arzon edi — qurilmaning og‘irligi 35 kilogramm.
1950-yillar o‘rtalariga kelib “Totsuko” Yaponiyadan tashqarida ham mashhurlikka erishadi. Yangi kompaniya g‘arb bozoriga magnitofon va radiopriyomniklar yetkazib berishni boshlaydi. Marketing borasida tajribasi oshgan Morita g‘arb bozoriga keng kirib borish uchun rebrending zarurligini tushunardi. Uning mantig‘i bo‘yicha “Tokio susin kogyo” jumlasini yevropaliklar aytishga qiynalardi, buning ustiga u yodda qolmaydi va qisqartmasi ham yoqimli eshitilmaydi.
1950-yillar kompaniya asosan ovoz ijro etadigan apparaturalarni ishlab chiqarardi. Morita kompaniya yo‘nalishini tasvirlash maqsadida lotincha “sonus” (“tovush”) so‘zidan foydalanadi. Yaponiya kunchiqar mamlakat hisoblanadi, shu bois taklif etilgan “sonus” sunny so‘zi bilan qorishtiriladi va natijada Sonny hosil bo‘ladi. Ammo bu yaponlarning o‘zi uchun to‘g‘ri kelmasdi, chunki san-ni so‘zi “pul yo‘qotish” ma’nosini beradi. Natijada Akio bitta “n” harfini olib tashlashga qaror qiladi va paydo bo‘lgan nom o‘ziga yoqadi.
Sony va Akio Moritaning mashhurlik onlari
Morita tomonidan ko‘plab xatolar va tajribalar asosida yaratilgan apparaturalarni ishlab chiqarish, boshqarish va marketing prinsiplari tez orada o‘z mevasini berishni boshlaydi. 1960-yillardan Sony yangi yo‘nalish — televideniyeni rivojlantirishga kirishadi. Shunda TV8-301 televizori paydo bo‘ladi. Qurilmaning dizayni hozirga qadar ko‘pchilikni hayratga solib keladi.
Morita va Ibuka boshchiligidagi mutaxassislarning harakatlari natijasida 1968-yilda dunyoda ilk bor “Trinitron” rangli televideniye tizimi paydo bo‘ladi. Oradan uch yil o‘tgach rangli videoyozuvning yangi formati ishlab chiqilib, birinchi videokasseta va magnitofonlar savdosi boshlanadi. 1978-yilda Sony muhandislaridan biri Nobutoshi Kixara hamyonbop pleyer — SonyWalkman’ni yaratib, Moritaning yoshligidagi orzusini ro‘yobga chiqaradi. 1979-yilda qurilmani seriyali ishlab chiqarish boshlanadi va u millionlab insonlar ko‘nglidan joy oladi. “Sutdan tili kuygan” kompaniya bunday yangilikning muvaffaqiyatga erishishiga u qadar ishonmasdi. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, ovoz yozib olish funksiyasi mavjud bo‘lmagan qurilmaga talab yuqori bo‘lmasligi kerak edi.
Hamkasblarining ishonchsizligini ko‘rgan Morita “Agar yil oxirigacha 100 ming dona sotmasak, men kompaniya raisligidan ketaman”, deydi. Savdolar yuqorida aytilgan raqamlardan ortib ketadi, Akio Moritaning intuitsiyasi tahlilchilar hisob-kitobidan aniqroq bo‘lib chiqadi. Ishlab chiqarish yillari davomida Sony kassetali audiopleyerlardan 100 million nusxadan ortiq sotgan.
Akio Morita davrida Sony kompaniyasi audio, video va fototexnika sohasida eng yetakchilar qatorida bo‘ldi. Morita kadrlarni va istiqbolli yechimlarni to‘g‘ri tanlay olardi. Uning rahbarligi ostida kompaniya muhandislari plyonkasiz fotoapparat (videofotoapparat), eng yaxshi videomagnitofon va videokameralar yaratadi.
Morita Stiv Jobs bilan ham shaxsan tanish bo‘lib, unga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan. Jobsga Walkman yoqar va 1980-yillarda u Apple kompyuterlarini tez-tez Sony pleyerlari bilan taqqoslab turardi. Jobs Apple mahsulotlari kompyuterlar olamida “volkmen” bo‘lishi kerakligini ta’kidlardi.
Epilog
Akio Morita 1994-yil 25-noyabrga qadar Sony’ni boshqardi. Biznesmen va olim yoshligidan yaxshi ko‘rgan tennis keksaligida uning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Morita kortda insultga uchradi, keyin esa sog‘lig‘iga jiddiy e’tibor qaratishga kirishdi. Norio Oga kompaniya rahbarligiga tayinlandi.
Akio 1966-yilda “Hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan maktabdagi yutuqlar” kitobi bilan adabiyotga ham qadam qo‘ygandi. U o‘z kitobida qattiq akademik talablar va klassik maktab ta’limi sifatining pastligini tanqid qilgan edi. Umrining oxirgi kunlarida esa u “Yaponiyada ishlab chiqarilgan” bestsellerini yozdi.
Morita Britaniya qirollik san’at jamiyati tomonidan Albert medali bilan taqdirlangan birinchi yapon bo‘ldi. Fransiyada esa uning xizmatlari Faxriy legion milliy ordeni bilan e’tirof etildi. Vatanida bo‘lsa u 1991-yilga kelibgina tan olindi — Yaponiya imperatori uni Birinchi darajali Muqaddas xazina ordeni bilan taqdirladi.
Akio Morita 1999-yili 78 yoshida vafot etdi. Uning o‘limiga keksalik davrida davolash qiyinchilik tug‘diradigan pnevmoniya sabab bo‘lgan.
Izoh (0)