Tojikistonning Xatlon viloyatida joylashgan “Tigrovaya Balka” qo‘riqxonasining to‘qayzorlari YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi, deb xabar bermoqda respublika TIV matbuot xizmati.
Tegishli qaror 20-sentabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Moddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 45-yig‘ilishida qabul qilingan.
“Tigrovaya Balka” qo‘riqxonasining to‘qay o‘rmonlari Xalqaro yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish kengashi tomonidan o‘tkazilgan baholash asosida Jahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun tavsiya etilgan.
Qo‘riqxona Tojikiston janubi-g‘arbidagi Vaxsh va Panj daryolari oralig‘ida joylashgan. U qirg‘oq bo‘yidagi to‘qay ekotizimlarini, Buritov cho‘qqisini, shuningdek, Xo‘ja-Qoziyon tog‘ tizmasini o‘z ichiga oladi. Tabiiy obyekt o‘ziga xos biologik xilma-xillikka ega bo‘lgan sohilbo‘yi o‘rmonlaridan iborat.
“Tigrovaya Balka” qo‘riqxonasining to‘qay o‘rmonlari Markaziy Osiyoda ushbu turdagi floraning eng katta va buzilmagan hududidir. Bu Osiyo teragining to‘qay ekotizimi shunchalik keng maydonda asl holatida saqlanib qolgan dunyodagi yagona joy.
Olimlarning fikriga ko‘ra, o‘tgan asrning o‘rtalariga qadar qo‘riqxonada Turon yo‘lbarslari yashagan. Ammo to‘qay o‘rmonlarining maydoni qisqargani sababli ushbu hayvonlar uchun yashash joylari kamayib ketgan.
U yerda oxirgi marta 1954-yilda yo‘lbarsni ko‘rishgan.
“Tigrovaya Balka” davlat qo‘riqxonasi Tojikiston SSR Vazirlar Kengashining 1938-yil 4-noyabrdagi 1163-sonli qarori bilan janubiy cho‘llarga xos noyob cho‘l-to‘qay ekotizimlari va hayvonlarni saqlash maqsadida tashkil etilgan. Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining amaldagi tasnifiga ko‘ra, obyekt I toifadagi qo‘riqlanadigan hududlar sifatida tasniflanadi.
Izoh (0)