Qozog‘iston parlamenti Majlisi yig‘ilishida “Qozog‘iston hukumati va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida Qozog‘iston—O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali energiya resurslarini quvur yo‘li transporti va elektr liniyasi orqali o‘tkazish jarayonida qo‘shma bojxona nazorati to‘g‘risida”gi bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur bitim 2021-yil 6-dekabr kuni Ostona shahrida imzolangan.
Bitimning maqsadi — Qozog‘iston—O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali quvur yo‘li transporti va elektr uzatish liniyalari orqali olib o‘tiladigan energiya resurslarini nazorat qilish samaradorligini oshirishdan iborat.
Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari — moliya vaziri Yerulan Jamaubayevning qayd etilishicha, ushbu hujjat ikki davlatning bojxona chegarasi orqali quvur yo‘li transporti va elektr uzatish liniyalari orqali olib o‘tiladigan energiya resurslarini birgalikda bojxona nazoratini tashkil etishni nazarda tutadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv energiya resurslarini bojxona deklaratsiyasi va bojxona nazorati bo‘yicha tajriba, bojxona ishi sohasidagi davlatlarning milliy qonunchiligi talablari buzilishi to‘g‘risidagi maʼlumotlar bilan almashishni ko‘zda tutadi.
“Mazkur bitimni ratifikatsiya qilish mamlakat uchun salbiy ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi va respublika budjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratishni talab qilmaydi”, — degan vazir.
Avgust oxirlarida O‘zbekiston va Turkmaniston gaz yetkazib berish bo‘yicha yangi bitimni imzolashga kelishib olgandi. Shuningdek, O‘zbekistonda sakkiz oyda 390 milliard so‘mlik gaz va elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)