O‘zbekiston va AQSH hukumatlari Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtirishni davom ettirish niyatida. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Toshkentda AQSH Kongressi Senatining Tashqi aloqalar qo‘mitasining katta xodimi Sharlott Oldhem-Mur bilan uchrashgan.
Suhbat chog‘ida kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan. Xususan, AQSH Kongresi Senati vakili Afg‘onistonda keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va jahon hamjamiyatining ushbu mamlakatdagi xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish zarurligini taʼkidlagan.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston va AQSHning Afg‘onistonga gumanitar va boshqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha harakatlarini yanada muvofiqlashtirish muhimligini qayd etgan.
Shavkat Mirziyoyev 19-iyul kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida Afg‘onistonda tinchlikka erishish masalalariga to‘xtalib o‘tgandi. “Bizning mintaqalarimiz tashabbuskor bo‘lib, katta-katta minbarlardan Afg‘oniston muammolariga butun dunyo eʼtiborini jalb etishimiz, afg‘on xalqining hayotini yengil qilishga munosib hissa qo‘shishimiz kerak”, — degan edi davlat rahbari.
Izoh (0)