Qamchiq dovonida namanganlik ikki nafar ayol jasadi topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Namangan viloyati FVB matbuot xizmati bunga munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 7-iyul kuni M-39 Guliston—Bo‘ka—Angren—Qo‘qon va Andijon orqali — O‘sh avtomobil yo‘lining Toshkent—vodiy yo‘nalishida ikki nafar 27 yoshli ayol tog‘ balandligidagi yirik shoxli mollarini sog‘ish uchun ketayotgan bo‘lgan.
Soat 19:20 dan 19:27 gacha kuchli jala yog‘ishi kuzatilgan. Ayollar yomg‘irdan qochib, sel toshqin suvlari uchun maxsus 1200 diametrli temir quvur ichida o‘tirgan vaqtda 40-50 metr kub sel kelib, quvur ichidan “Rezaksoy”ning 400 metr oqimi bo‘ylab olib ketgan.
Soyni sel massasidan tozalash jarayonida ayollarning jasadi topilgan.
Hozirda IIB tezkor-tergov guruhi tomonidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“O‘zgidromet” 5–7-iyul kunlari yomg‘ir yog‘ishi kutilayotgani sababli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirib, tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan ehtiyot choralarini ko‘rishlarini so‘ragandi.
Izoh (0)