O‘zbekistonda qariyb 2,4 milliondan ortiq xonadonlarda kadastr hujjatlari yo‘q. Bu haqda Senat qo‘mitasi majlisida ma’lum qilingan.
Majlisda kadastr sohasida aholi murojaatlari bilan ishlash va muammoli masalalarni hal qilish zarurligi muhokama qilingan.
“Respublika hududidagi 2 million 400 mingdan ortiq aholi xonadonlarining kadastr hujjatlari yo‘qligi va bino-inshootlariga nisbatan mulk huquqini belgilovchi tartib mavjud emasligi sababli aholi tomorqa uchun kredit, subsidiya hamda uy-joyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmayapti. Shu tufayli agentlikka hamda Xalq qabulxonalariga murojaatlar soni ko‘paygan. Tahlil natijalariga ko‘ra, ayni shu mazmundagi murojaatlar jami murojaatlarning 40 foizdan ortig‘ini tashkil etadi” — deyiladi Senat axborot xizmati xabarida.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning o‘tgan davrida Kadastr agentligining hududiy boshqarmalariga jismoniy va yuridik shaxslar yuborgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda rahbar va mas’ul xodimlar tomonidan kamchilik va qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Oqibatda mas’ullarga nisbatan 10 ta jarima va 78 ta hayfsan, 1 ta lavozimdan ozod etish, jami 89 ta intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Majlisda agentlikning fuqaro va tadbirkorlar tomonidan yer maydonlarini noqonuniy egallab olish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha targ‘ibot ishlarini yetarlicha amalga oshirmagani tanqid qilingan.
Izoh (0)